Madaniyat

Soch ildizi mustahkamligi uchun

Odatda soch tolalari quruq, yog‘li yoki mo‘’tadil bo‘ladi. Agar sochni yuvganingizdan ikki-uch kun o‘tiboq kirlanib qolsa, demak u yog‘li. Sochlaringizni haftasiga ikki marta yuvish yetarli bo‘lsa, ular mo‘’tadil turga mansub. Quruq sochlar hatto o‘n kungacha toza saqlanishi mumkin. Ammo bunday sochlarning yomon tarafi shundaki, parvarish qilinmasa tolalari xira tortib, mo‘rt bo‘lib qoladi.

Ajoyib malham. Bir choyqoshiq asalari yelimi (propolis)ni bir stakan suvda eritib olasiz. Tayyor ekstrakt malham sifatida bosh terisiga surish va sochni yuvish uchun ishlatiladi. Bu nafaqat sochni mustahkamlaydi, balki uning tezroq o‘sishini ham ta’minlaydi.

Moychechakli damlama. Maydalangan bir oshqoshiq quruq moychechak ustidan yarim stakan qaynoq suv quyib, suv hammomida 15 daqiqa ushlab turish kerak. Keyin 30 40 daqiqa davomida sovitib, suzgichdan o‘tkazib, damlamaga bir choy qoshiq asal qo‘shiladi.

Sochni yuvib, sochiqqa salgina artiladi. Keyin damlama bilan yaxshilab ho‘llanadi. Damlama bilan chayilgan sochlar bir soatdan so‘ng issiq suv bilan yuviladi. Bu damlamadan quruq sochlar uchun 10 12 kunda bir marta, yog‘li sochlar uchun esa 6 7 kunda bir mahal foydalanish mumkin.

Qo‘lbola shampun. To‘rt choy qoshiq maydalangan moychechakka bir stakan qaynoq suv qo‘shib, 1 1,5 soat tindirib qo‘yiladi. Tayyor damlamaga bir choy qoshiq asal solib, yaxshilab aralashtiriladi. Tozalab yuvilgan va unchalik quritilmagan sochni shu aralashma bilan ho‘llab olasiz.

Yarim soatdan so‘ng sochlar sovun ishlatilmasdan yuviladi. Bu qo‘lbola shampundan quruq sochlar uchun 10 14 kunda bir marotaba, yog‘li sochlar uchun esa 6 7 kunda bir mahal foydalaniladi. Asalli shampun sochni mustahkamlab, o‘sish jarayonini tezlashtiradi.

Soch o‘stiradigan niqob. To‘rt osh qoshiq piyozli bo‘tqaga bir osh qoshiq asal qo‘shib, bosh terisiga surasiz. 30 daqiqadan so‘ng issiq suv bilan yuvib tashlaysiz. Bu niqob sochlaringizni o‘stiradi.

Tolalari to‘kilishining davosi. Bordiyu soch tolalari to‘kilaversa shunday muolajadan foydalaning: sochlarni yaxshilab yuvib, 2 3 qoshiq asalni soch ildiziga suriladi. 30 60 daqiqadan so‘ng issiq suv bilan yuvib tashlanadi. Sochlaringizga bu niqobni qilayotgan paytingizda, bir choy qoshiq asalning bir stakan qaynagan suvdagi eritmasini bir kunda uch mahal ichib turing.

Qazg‘oqni bartaraf etadi. Bir choy qoshiq qichitqi o‘t va bir stakan qaynoq suv aralashtiriladi. 15 daqiqa tindirib qo‘yiladi. Sochlar yaxshilab yuvilib, damlama bilan ho‘llanadi. Qazg‘oqni bartaraf etishda bu muolajaning foydasi katta.

Bo‘yashda ehtiyot bo‘ling. Unutmangki, turli kimyoviy moddalar qo‘shilgan bo‘yoqlar sochlaringizga zarar berishi mumkin. Shuning uchun ko‘proq o‘simliklardan tayyorlangan tabiiy bo‘yoqlardan foydalanganingiz ma’qul. Ular sochlar ildizini mustahkamlab, tez o‘sishini ta’minlaydi. Xina, basma, piyoz va yong‘oq po‘sti, moychechak, choy, terak barglari sizga sochlaringiz rangini o‘zgartirishda yordam beradi.

Agar sochlaringizga qizg‘ish-malla rang bermoqchi bo‘lsangiz quyidagi resept sizga qo‘l keladi: 3 4 osh qoshiq quyuq damlangan qora choyga bir stakan qaynagan suv qo‘shib, 15 20 daqiqa past olovda qaynatasiz. Qaynatmani sovitib, yaxshilab tozalangan, nam sochga surasiz. 40 daqiqadan so‘ng issiq suv bilan yuvib tashlaysiz. Qizg‘ish-qo‘ng‘ir, ya’ni kashtan rang hosil qilish uchun 150 gramm xinaga bir stakan qatiqni aralashtirasiz. Qorishmani sochingizga surib, poliyetilen paket va ustidan sochiq bilan yaxshilab o‘raysiz. 30 60 daqiqadan so‘ng sochni shampun bilan yuvish talab etiladi.

Manba: Avitsenna.Uz