Taroq, yostiq va kiyimlaringizda juda ko‘p sochlaringiz qolayotganini payqayapsizmi? Kokillaringiz salomatligiga e’tibor qarating va choralar ko‘rishni boshlang. Statistikaga ko‘ra, 25 yoshdan oshgan ayollarning 80 foizga yaqini sochi ko‘p tushayotganidan xavotir bildiradi, shuningdek, turmaklash vaqtida sochi yetarlicha shishib turmasligidan shikoyat qiladi. Sochning yomon holatda bo‘lishi ham tashqi, ham ichki omillarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Maqolada ularning barchasi bilan tanishib chiqishingiz va tegishli choralardan xabardor bo‘lishingiz mumkin.
1-sabab: gormonal fonning o‘zgarishi
Ayollarda sochning juda ko‘p tushishiga erkaklarning jinsiy gormoni — testosteron haddan tashqari ko‘payib ketishi sabab bo‘ladi. Odatda bu jinsiy hayotning boshlanishi, homiladorlikdan keyingi davr va menopauza bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, tuxumdonlar polikistozi, buyrak kasalliklari, qandli diabet va endokrin tizimi faoliyatining buzilishi ham soch to‘kilishini keltirib chiqarishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Shifokorga murojaat qilib, biokimyo va gormonlar uchun venadan qon topshiring. Gormonal muvozanatning buzilishida shifokor gormonlar o‘rnini bosuvchi terapiya buyuradi. Davolash to‘g‘ri tanlangan bo‘lsa, ikki-uch haftadan so‘ng soch to‘kilishi bilan bog‘liq muammolar to‘xtaydi.
2-sabab: organizmda temir yetishmasligi
Bundan barcha ayollar hayz vaqtida azob chekadi. Temir tanqisligiga, shuningdek, ko‘plab urf bo‘lgan parhezlar ham olib keladi. Rangsiz teri, kamqonlik, lohaslik, seruyqulik, ish qobiliyatining pasayishi — organizmda temir yetishmasligining belgilari.
Nima qilish kerak?
Vitaminlar kursini qabul qiling va ratsioningizga temir moddasini saqlovchi mahsulotlarni ko‘proq kiriting, bular jigar, go‘sht, baliq, arpa va so‘li yormasidan bo‘tqalar, tuxum sarig‘i, qora non, loviya, yangi siqilgan sharbatlar, karam va pishirilgan olma.
3-sabab: stress
Har kuni organizmni asabiy zo‘riqishlarga duchor qilishimiz, to‘yib uxlamasligimiz, yetarlicha ovqat yemasligimiz sochlarimiz salomatligiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Doimiy ravishda asabiylashish natijasida boshdagi tomirlar torayadi, oqibatda bosh og‘rig‘i va soch to‘kilishi kelib chiqadi.
Nima qilish kerak?
Tashvishlanishni kamaytiring. Ba’zan barchasini o‘z oqimiga tashlab, qulay fursatni poylash yo‘lini tutgan ma’qul, shunda qarabsizki, noxushliklar o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi.
Tarang asablarni tezda tinchlantirish yo‘li bor, buning uchun ko‘zlaringizni yumib, barcha mushaklaringizni bo‘shashtiring, ko‘rsatkich barmog‘ingizni ustki lab tepasidagi chuqurchaga olib boring va soat miliga qarama-qarshi yo‘nalishda 15—20 marta massaj qiling.
4-sabab: kimyoviy omillar
Noqulay ekologik muhit soch bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Uzoq vaqt dori (antibiotiklar, beta-blokatorlar, antidepressantlar va siydik haydovchi vositalar) qabul qilish ham soch ildizi rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.
Nima qilish kerak?
O‘zingiz ichayotgan dorilarni qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlarni o‘qib ko‘ring. Agar annotatsiyada soch to‘kilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashib, ushbu dorining o‘rnini bosadigan boshqa vositani qidirib ko‘ring.
5-sabab: tug‘uruqdan keyingi soch to‘kilishi
Tuqqan ayollarning 80 foizi ushbu muammo bilan tanish. Homiladorlik chog‘ida ayollik gormonlari ko‘payishi tufayli, soch juda yaxshi o‘sadi va ancha qalinlashib qoladi. Tug‘uruqdan so‘ng esa emizikli ona shiddatli soch to‘kilishiga duch keladi, u ba’zan 8—9 oy ham davom etishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Tug‘uruqdan keyingi soch to‘kilishi surunkali shaklga o‘tib qolmasligi uchun maxsus vitamin komplekslarini qabul qilish kerak. Ularni sizga shifokorning o‘zi tavsiya qiladi.
6-sabab: boshdan kechirilgan infeksiyalar
Surunkali soch to‘kilishi uzoq davom etgan infeksiyali kasalliklar oqibatida kelib chiqishi mumkin, ular organizmni zaiflashtiradi va immunitetni yemiradi. Bunday kasalliklarga, masalan, qizilcha, grippning og‘ir shakllari, tanosil kasalliklari kiradi. Kanadalik olimlar esa sochning to‘p-to‘p bo‘lib tushishiga tish va milklarning infeksion kasalliklari sabab bo‘lishini aniqladi. Bosh terisining zarar ko‘rgan qismlari ko‘pincha og‘iz bo‘shlig‘idagi yallig‘langan maydon bilan bitta chiziqda bo‘ladi.
Nima qilish kerak?
Sochlarni emas, kasallikni davolash kerak. Asosiy kasallik bartaraf etilgach, sochga ham avvalgi qalinlik qaytadi. Davolanish vaqtida yaxshi ovqatlanish, ma’danli suv va yangi siqilgan sharbatlar ichish, toza havoga tez-tez chiqib turish muhim.
7-sabab: mexanik omillar
Sochlarni qanday parvarish qilishga ko‘p narsa bog‘liq. Boshni haddan tashqari ko‘p yuvish, qattiq shampun, bo‘yoq, kimyoviy jingalak qilish, bigudi, fen, ployka, “dazmol”dan foydalanish sochga salbiy ta’sir qiladi. Tabiatan siyrak sochlar, birinchi navbatda, xavfga duchor bo‘ladi.
Nima qilish kerak?
Hamma narsa me’yorida bo‘lgani yaxshi. Bo‘yalgan sochlar uchun maxsus shampun, balzam va niqoblar tanlab oling. Ho‘l sochlarni tarashga shoshilmang. Bosh yuvilgach, teridagi teshikchalar kengayib qoladi va ulardan sochning chiqib ketishi osonroq bo‘ladi. Bigudini haftasiga 1—2 martadan ko‘p ishlatmang. Sochlarni salqin havo chiqaruvchi fenda quritgan ma’qul. Quritishdan avval sochga termoeffektga ega vosita suring, u har bir soch tolasini himoya qatlami bilan o‘raydi, shu tariqa soch kamroq shikast ko‘radi.
Maqolani tayyorlashda “Woman.ru” portali ma’lumotlaridan foydalanildi.
Bundan tashqari, sochlarni to‘g‘ri parvarishlash usullari bilan alohida maqolada tanishishingiz mumkin.