Ko‘pchilik xotin-qizlar sochlarining uchlari gullab ketayotganidan noliydi. Maqolada bunday holatning oldini olish borasida maslahatlar bermoqchimiz.
Muntazam ravishda sochlaringizni kestiring
Biz har oy sochlarni kestirishni maslahat bermoqchi emasmiz, lekin buni muntazam ravishda va zaruriyat tug‘ilganda, hech bo‘lmasa yarim yilda 2-3 marta qilish kerak. Soch turmagingiz biroz kaltaroq bo‘lsa ham mayli, lekin shunga yarasha sochlaringiz kuchli, sog‘lom va gullamagan holda mustahkam ko‘rinadi.
Sochlarni parvarishlashda yog‘lardan foydalaning
Sochlar uchun maxsus yog‘lar ularning holatini va ko‘rinishini yaxshilaydi, bu bilan gullagan uchlarning tez paydo bo‘lishining oldini oladi. Gullashdan saqlash uchun zaytun, argan, kokos yoki bodom yog‘lari juda mos keladi. Shuningdek, sochlarning uchlarini gullashdan saqlovchi yog‘larning maxsus tayyor aralashmalarini har qanday kosmetik do‘konlardan topish mumkin.
Sochlar uchun issiq moslamalardan foydalanishni kamaytiring
Fen, dazmolcha, o‘rash uchun qisqichlar juda yuqori darajada qiziydi, sochlar tuzilishiga salbiy ta’sir qiladi va soch uchlarining tez gullashini keltirib chiqaradi. Agar siz hayotingizni bu moslamalarsiz tasavvur qilolmasangiz, u holda sochlaringizni yuqori haroratdan himoya qilish uchun issiqlikdan himoya qiluvchi sprey yoki kremlardan foydalanishni unutmang.
Muntazam ravishda sochlar uchun chuqur namlantiruvchi tadbirlarni amalga oshiring
Sochlar sog‘lom, chiroyli va kuchli bo‘lishi uchun muntazam ravishda bir oyda bir yoki ikki marta chuqur namlantiruvchi tadbirlarni amalga oshirish zarur. Buning uchun ancha vaqt davomida sochlarda qoladigan balzam yoki yog‘lar juda mos keladi.
Manba: Daryo.uz