So‘nggi paytlarda sochlarni keratin bilan tekislash haqida ko‘p gapirilmoqda. Xo‘sh, keratinlash nima va u zararli emasmi?
Bizning soch va tirnoqlarimiz tarkibida ko‘p miqdorda keratin moddasi (soch, pat va shoxda bo‘ladigan, oltingugurt moddasiga boy oqsil modda) mavjud. Sochlarimiz har xil tashqi ta’sirlar natijasida quruqlashib, rangsiz va mo‘rt bo‘lib qoladi. Keratinlashda ishlatiladigan vositalar yetishmagan moddalarni to‘ldirib, sochlarni chiroyli va sog‘lom qiladi. Keratinlangan sochlar oson taraladi va tez ukladka qilinadi.
Shu bilan birgalikda, keratinlashning bir qancha kamchiliklari ham bor. Shifokorlarning ta’kidlashicha, keratinlash vositalari tarkibida, onkologik kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi, kanserogenlar guruhiga kiruvchi – formaldegid moddasi mavjud. Bundan tashqari, bu modda inson organizmiga tushsa, ko‘rish qobiliyatini pasaytiradi va nafas olish organlari kasalliklarini keltirib chiqaradi.
Keratinlash vositasining narxi baland bo‘lganligi sababli, sochlaringizni keratinlash sizga juda qimmatga tushadi – bu keratinlashning kamchiliklaridan yana biri deyish mumkin.
Quruq, mo‘rt va rangsiz sochlaringizni keratinlaysizmi yoki shu ahvolda qoldirasizmi – to‘g‘ri qaror qilish o‘zingizga havola. Asosiysi, natijasi sizga yaxshi kayfiyat bag‘ishlasa bas!
Manba: Daryo.uz