Salomatlik

Sochlarni to‘g‘ri parvarishlash usullari

Soch — ayollar go‘zalligining ajralmas qismidir. Ba’zilarning sochlari tabiatan sog‘lom va ko‘rkam bo‘lsa, ba’zilar bunga erishish uchun sochlarini muntazam ravishda parvarishlab turishiga to‘g‘ri keladi. Biroq shuni ham tan olish kerakki, eng go‘zal sochlar ham yetarlicha e’tibor qaratilmasa, xira va nursiz ko‘rinib qoladi.

Muammoni hal qilish uchun eng oson yo‘l — go‘zallik saloniga murojaat qilish mumkin, ammo buni uy sharoitida amalga oshirib, yanada ko‘proq samaraga ham erishish mumkin.

Sochlarni yuvish

Sochlarni parvarishlashning eng oddiy usuli — ularni yuvish, biroq bu siz o‘ylaganchalik oddiy jarayon emas. Zarur bo‘lgan natijaga erishish uchun, avvalambor, sochingiz turiga qarab to‘g‘ri shampunni tanlay bilish lozim.

Yuvib bo‘lgandan so‘ng, sochga konditsioner yoki balzam suring, bu sochlarning yaxshi taralib, silliq ko‘rinishini ta’minlaydi. Yodda tuting, ushbu vositalarni sochning o‘rta qismidan boshlab suring; ildizidan sursangiz, sochlar yog‘li bo‘lib qoladi.

Boshni yuvishda issiq suv ishlatmang, bu keyinroq sochlarning yomonlashib, to‘kilib ketishiga olib kelishi mumkin. Sochlarni iliqqina suvda yuvgan ma’qul, oxirida esa sovuq suvga bir chayib oling.

Sochlarni quritish

Sochni tabiiy usulda quritish eng maqbulidir. Hayotingizni fensiz tasavvur eta olmasangiz, unda issiq havoni sovug‘iga almashtiring. Fendagi bunday rejim sochlarga kamroq shikast yetkazadi.

Bundan tashqari, qizdirib taqiladigan bigudi, ployka, soch tekislagichlardan iloji boricha kamroq foydalanishga harakat qiling. Ularni ishlatish chog‘ida sochlaringizga issiqlikdan himoya qiluvchi sprey sepishni unutmang.

Sochni tarash

2

Sochlarni parvarishlashda to‘g‘ri taroq tanlay bilish muhim omildir. Bosh terisiga zarar yetkazmasligi va sochlarni zaryadlamasligi uchun metall taroqdan foydalanish kerak emas. Eng yaxshisi yog‘och yoki plastmassa taroqdir.

Sochlarni tarashni uchidan boshlash va asta-sekinlik bilan ildizigacha olib borish lozim. Sochlar chuvalashib qolgan bo‘lsa, uni qo‘lda ochib, so‘ng tarashda davom etish lozim. Yodda tuting, sochlarni ho‘lligida tarash mumkin emas, aks holda ular qattiq cho‘zilib ketadi, natijada soch tuzilishi buzilib, qoplamasi ko‘chadi va sochlar to‘kila boshlaydi.

Soch uchini tekislab turish

Kiyimga ishqalanish, tarash va iqlim sharoitlaridan eng ko‘p sochlar uchi zarar ko‘rishi tufayli, ularni vaqti-vaqti bilan kesib turish zarur.

Sochlarni himoyalash

Ko‘chaga chiqqan vaqtda, ayniqsa shamolli havoda sochlarni kokil qilib o‘rish yoki rezinka bilan yig‘ishtirib qo‘yish lozim. Bundan tashqari, sochlarni qishda sovuqdan, yozda jaziramadan himoya qilish uchun bosh kiyimi kiyib yurish zarur.

To‘g‘ri ovqatlanish

Sochlar sog‘lom bo‘lishida to‘g‘ri ovqatlanishning o‘rni alohida. Ovqatlanish ratsioningizga albatta asosiy ozuqa guruhlari elementlarini kiriting, bular — dukkaklilar, donlar, qatiq mahsulotlari, go‘sht, baliq, sharbatlar hamda meva va sabzavotlar. Shirinliklar, qovurilgan va achchiq taomlarni kamroq iste’mol qiling, alkogol va chekishdan voz keching. Va albatta zarur miqdorda toza suv ichib turing.

Soch uchun niqoblar

3

Uy sharoitida qo‘llash mumkin bo‘lgan niqoblarning turi ko‘p. Ularning eng oddiy va samaralilaridan biri qatiqdir. Qatiqni sal isitib, sochlaringizga suring va 40 daqiqa ushlab turing. So‘ng boshingizni har doimgidek shampun bilan yuvib tashlang. Bunday usul sochni muloyim qilib, uni oziqlantiradi va namlantiradi.

Yana bir ommabop niqob asallidir. Undagi mineral va vitaminlar sochning to‘kilishi oldini olib, qazg‘oqdan qutulishda ham asqotadi.