Toshkent shahri yana bir nufuzli musobaqaga mezbonlik qilmoqda. Bugun, 24 sentyabr kuni tennis bo‘yicha ayollar o‘rtasida sovrin jamg‘armasi 250 000 AQSh dollari bo‘lgan WTA turnirining asosiy davrasi boshlandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqaning asosiy to‘rida 32 nafar sportchi g‘oliblik uchun kurash olib boradi. O‘zbekistonlik tennischilardan yakkalik bahslarida Sabina Sharipova va Nigina Abduraimovalar o‘z omadini sinab ko‘radi. Qur’a natijalariga ko‘ra, Sabina musobaqani rossiyalik Margarita Gasparyanga qarshi boshlasa, Nigina Abduraimova germaniyalik Mona Bartelga qarshi kortga chiqadi.
Turnirning birinchi raketkasi sifatida ruminiyalik Irina-Kamila Begu ishtirok etadi. Ikkinchi raqam ostida esa Belarus vakili Vera Lapko saralangan.
Juftlik bahslarida Nigina Abduraimova rossiyalik Anna Kalinskaya bilan, Oqgul Omonmurodova esa kanadalik Ejeni Bushar bilan birga ishtirok etadi.
Bahslar 29 sentyabrga qadar davom etadi.