To‘g‘ri tanlangan oyoq kiyim ko‘plab muammolarni hal qilish va sovuq oylarda qulaylik hissini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Yangi oyoq kiyim uchun do‘konga yo‘l olar ekansiz barcha jihatlarga: uning tagligi sifati, materiali, ichki qismi mo‘ynali yoki mo‘ynasiz ekanligi, shuningdek, uslub va shaklini e’tiborga olishingiz lozim. Eng muhimi — olayotgan oyoq kiyimingiz sizga maksimal darajada qulay bo‘lishi lozim.
Xo‘sh, sevimli libosingizga mos kelishi va oyoqlaringiz issiqqina bo‘lishi uchun qanday oyoq kiyim tanlash kerak? Sovuq havo tushishi bilan bu savol har birimizni qiynay boshlaydi. Albatta, har qanday obraz uchun universal aksessuar bo‘la oluvchi bir juft oyoq kiyimni topish qiyin. Biroq qishki oyoq kiyimni tanlashga aql bilan yondashish orqali ularning sonini minimum darajaga kamaytirish mumkin.
Qishki oyoq kiyim tanlashdagi muhim jihatlardan biri uning tagligidir. U og‘ir, rezina aralashtirilgan va imkoni bo‘lsa bo‘rttirib ishlangan bo‘lishi kerak. Aynan shunday variant qishki sirpanchiq asfaltda maksimal darajada xavfsizlikni ta’minlay oladi. Qolaversa, bunday poyabzal oyoqlarni issiq tutib, ko‘proq xizmat qiladi.
Bu tanlangan model albatta bahaybat yoki sport uslubida bo‘lishini anglatmaydi. Oxirgi paytlarda dizaynerlar botilonlar, bog‘ichli botinkalar, hatto poshnali tuflilar uchun ham rezina aralashtirilgan tagliklarni tanlamoqda.
Ushbu mavsumda tanketka taglikli botilonlar qishki etiklarning o‘rnini bosa oladi. Bunday taglik bilan och jigar rang yoki karamel rangli, mo‘ynali uloqlar va bog‘ichlar bilan bezatilgan zamsh poyabzal ko‘proq mos keladi.
Ob-havo harorati minus darajada bo‘lganda ham issiqlikni kafolatlash uchun qanday oyoq kiyim tanlash kerak? Tabiiy jun, masalan, qo‘y juni bilan isitilgan modelga e’tibor qarating. Yana bir tavsiya, qishki oyoq kiyimni 1—1,5 o‘lcham kattarog‘ini tanlang. Bunday poyabzalni sovuq kunlarda issiq paypoqlar bilan kiyish mumkin bo‘ladi.
Manba: Daryo.uz