Salomatlik

Sovuq paytlarda tirnoqlarni parvarishlash

Turli shakl berib, turli rangdagi bo‘yoqlar yordamida manikyur qilish faqat sog‘lom tirnoqlarga yarashadi. Ular birdan yupqa, mo‘rt va qatlam-qatlam bo‘lib qolsa nima qilish kerak?

Tirnoqlarning qatlanishiga organizmda kalsiy moddasi yetishmasligi sabab bo‘lishini eshitganmiz. Haqiqatda esa buning sababi faqat kalsiy emas, balki temir, kremniy va boshqa moddalar ham yetishmasligi bo‘lishi mumkin. Organizmdagi yetishmagan moddalarni to‘ldirish uchun vitaminlar majmuini qabul qiling.

To‘g‘ri ovqatlanishning muhimligini unutmang. Ko‘proq kremniyga (loviya, banan, kashnich, salat, smorodina), temirga (tuxum sarig‘i, mol go‘shti, jigar, lavlagi, quruq mevalar) va kalsiyga (pishloq, tvorog, yong‘oqlar, yangi ko‘katlar) boy bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qiling.

Tirnoqlar qatlanishining yana bir sababi – kimyoviy ta’sirlar. Kimyoviy yuvuvchi vositalardan qo‘lqopsiz foydalanish – teri va tirnoqlarning zararlanishiga olib keladi.

Noto‘g‘ri parvarish qilish ham tirnoqlar buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Sizning uy sharoitida manikyurlash to‘plamingizda quyidagilar albatta bo‘lishi lozim:

– tirnoqlar uchun shisha arracha;

– tarkibida minerallar, vitaminlar, namlovchilar va proteinlar bo‘lgan davolovchi lak;

– tarkibida atseton bo‘lmagan lakni ketkazuvchi suyuqlik;

Bir haftada 2 kun tirnoqlaringizni lakdan dam oldiring.

Maslahatlarimiz tirnoqlaringizning sog‘lom o‘sishiga yordam beradi degan umiddamiz.

Manba: Daryo.uz