Bilasizmi?

Suv isitkich tanlaymiz!

Bu maqolani shu kunlarda suv isitkich xarid qilishga chog‘langan mushtariylarimizning talablariga binoan tayyorladik. Garchi sizning bunday niyatingiz bo‘lmasa ham ma’lumotlarimizni e’tiborsiz qoldirmaysiz degan umiddamiz. Axir, bugun bo‘lmasa ertaga ular sizga ham asqotishi mumkin-da!

Qay biri afzal?

Odatda suv isitkichlar ikkiga: gaz va elektr toki bilan (TEN) ishlaydigan turlarga ajratiladi. Eleketr toki bilan ishlaydigan turlari ham ikkiga: suv yig‘uvchi (boyler) va oqar suvni isitib beruvchiga bo‘linadi. Xo‘sh, ulardan qay biri kimga mos?

Tabiiy gaz bilan ishlaydigan suv isitgichlar anchayin tejamkorligi bilan ko‘pchilikka ma’qul kelgan. Faqat uni xarid qilishingizdan avval, albatta, mutasaddi tashkilotlardan ruxsatnoma olish kerakligini eslatib o‘tamiz.

Uskunaning hajmiga keladigan bo‘lsak, bu ham individual masala. Kimgadir kattarog‘i zarur bo‘lsa, boshqalarga kichigi kerak. Biz esa ko‘pchilik xaridorlar qulay deb topgan suvni yig‘ib isituvchi moslamaga to‘xtalamiz. Bunday suv isitkichlarning ham vertikal, ham gorizontal ko‘rinishdagilari mavjud. Ulardan qay birini tanlashni esa intereringizdan kelib chiqqan holda hal qilasiz. Odatda, boylerlarning sig‘imi 10 litrdan 200 litrgacha bo‘ladi. Xarid chog‘ida isitkichning ichki qoplamasi qanday xomashyodan tayyorlanganiga ham alohida e’tibor qarating. Ichki qoplama odatda sopol, emal, titanli emal va zanglamaydigan temirdan ishlangan bo‘ladi. Zanglamaydigan temirdan ishlangani uzoqroq xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Ko‘nglingiz oqib turgan suvni isitish uchun mo‘ljallangan moslamaga chopayotgan bo‘lsa, elektr energiyasini ko‘proq sarflashini inobatga olib qo‘ying. Ular oshxona uchun chindan ham qulay. Biroq cho‘milish, yoki shu kabi ehtiyojlaringizga ko‘pam yarayvermaydi. Uskunaning tabiiy gaz yordamida ishlaydigan turi esa tejamkorligi bilan ajralib turadi. Ya’ni kun bo‘yi gazni yoqib qo‘yish shartmas. Faqat ikki donagina batareya xarid qilsangiz bo‘lgani. Zarurat bo‘lganidagina foydalanaverasiz.

Eng muhimi hisob - kitob

Uskunani xarid qilish chog‘ida hisob kitobni aniq qilmasangiz afsuslanib qolishingiz mumkin. Shu ishda adashsangiz yo issiq suvni yetkazolmay halak bo‘lasiz, yoki suvingiz va elektr energiyasini isrof qilganingiz qoladi. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha idish yuvish uchun o‘rtacha 20-30 l., dush qabul qilish uchun 50-90 l., shunchaki yuvinish uchun 6-10 litr issiq suv kerak bo‘larkan. Demak, cho‘milish uchun 4 kishilik oilaga o‘rtacha 80 litrli boyler mos keladi. Bundan tashqari xarid chog‘ida isitkich yorlig‘ida “IP 24 yoki 25” degan yozuvlar borligiga ham diqqat qiling. Yuqoridagi yozuv isitkichda yot jismlar yo‘qligi va suv tomchilarining tushishidan himoyalanganligini anglatadi.

Tejashni o‘rganamiz

Ko‘pchilik tashqariga chiqishdan avval isitkichni eletkr tokidan sug‘urish kerak deb hisoblaydi. Aslida bunday qilish maqsadga muvofiq emas. Chunki moslama suvni isitib bo‘lgach o‘z-o‘zidan “uyqu” rejimiga o‘tadi. Bunda suvning harorati bir me’yorda turishi ta’minlanadi. Agar tokdan uzib qo‘ysangiz, keyinchalik bakdagi hamma suvni qaytada isitadi va eletkr energiyasini ko‘proq sarflaydi.

Maftuna tayyorladi

Manba: «Sug'diyona» gazetasi