Bilasizmi?

Test natijalari bo‘yicha apellyasiya shikoyati berish tartibi ma’lum qilindi

Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 20 avgustdan 30 avgustgacha apellyasiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyasiya shikoyatini berish huquqiga ega. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanalida ma’lumot berildi.

Unda aytilishicha, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 20 avgustdan 30 avgustgacha (belgilangan ish vaqtiga muvofiq, dam olish kunlarisiz o‘n bir kalendar kuni ichida) bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyasiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyasiya shikoyatini berish huquqiga ega.

Abituriyentga apellyasiya shikoyati qabul qilinganligi to‘g‘risida uch ish kuni ichida xabarnoma beriladi.

Apellyasiya shikoyati Davlat test markazida hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlarida qabul qilinadi.

Apellyasiya shikoyatiga abituriyent ruxsatnomasining nusxasi ilova qilinishi kerak.

Apellyasiya shikoyatini bergan abituriyent xabarnomada belgilangan kunda o‘zining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.

Apellyasiya shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto‘g‘ri bajarilgan javoblar ro‘yxati hamda test sinovlarida abituriyentga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobi beriladi.

Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyasiya komissiyasiga taqdim etadi.

Apellyasiya shikoyati apellyasiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi.

Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, apellyasiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyasiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi Davlat test markaziga belgilangan tartibda yetkazilmagan, yirtilgan bo‘lsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki o‘zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyasiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi.

Abituriyent apellyasiya komissiyasining apellyasiya shikoyatini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori yuzasidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.