Bilasizmi?

Test sinovlari o‘n besh kun davomida o‘tkaziladi, javoblar bir kunda chiqadi

Bundan buyon oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustga qadar o‘tkaziladi. Shuningdek, kirish test sinovlari natijalari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasigayoq Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, musiqiy ta’lim, san’atshunoslik, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida test sinovlari bo‘lmaydi. Masalan, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti va alohida iqtidor talab etadigan ta’lim yo‘nalishlariga faqat ijodiy imtihonlar orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Ma’lumot berilishicha, bu yil 729 ming nafardan ziyod abituriyent oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirdi, test sinovlarini o‘tkazish uchun 1080 tadan ko‘p bino va 22 mingdan ortiq auditoriya kerak bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 16 noyabrda O‘zbekiston prezidentining "Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.