Ertalab — kunning eng tig‘iz qismidir. Uyg‘onib, nonushta tayyorlash, bolalarni ovqatlantirish, kiyintirish, o‘zimiz ham kiyinib-bezanishimiz kerak. Shunday vaziyatda tez tayyor bo‘ladigan nonushta ayni muddaodir, u sog‘liq uchun foydali bo‘lsa, yana-da yaxshi.
So‘li yormasidan bo‘tqa
Ushbu bo‘tqani avval suvda pishirib olib, so‘ng sut va mevalar qo‘shish tavsiya etiladi. Shunda nonushtaning kaloriyasi kamroq, o‘zi esa mazaliroq bo‘ladi.
Qalampir ichidagi tuxum
Ham foydali, ham chiroyli bo‘lgan ushbu nonushtani tayyorlashda asosiy sir qalampir bo‘lagi ichiga joylashtirilgan tuxumni past olovda qovurishdan iborat, aks holda mahsulotlar kuyib ketishi mumkin.
“Svetofor” quymog‘i
Bog‘chaga bormayman, deya injiqlik qilayotgan bolaning uyqusini ochishda yorqin va qiziqarli nonushta asqotadi. Uni tayyorlash uchun esa tuxum, bodring va pomidor bo‘lsa, kifoya!
Mayizli tvorog
Tayyor tvorogga mayiz va jem (zarur bo‘lsa, suyultirish uchun suv yoki smetana ham qo‘shish mumkin) qo‘shib, yaxshilab aralashtiring. Tvorogni uy sharoitida o‘zingiz tayyorlasangiz, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Buning uchun 1 litr sutni olovga qo‘yamiz, qaynab chiqqach, 1 litr qatiqni asta-sekinlik bilzn oqizib solamiz. Qaytadan qaynashini kutib, so‘ng olovdan olamiz va 5 daqiqaga qoldiramiz. Keyin qoshiq yordamida tvorog qatlamini ajratib olamiz.
Shuningdek, Ayol.uz saytida e’lon qilingan bir qator retseptlar, jumladan, olmali Sharlotka pirogi, kekschalar, rulet, yong‘oqli va kakaoli keks kabi pishiriqlar ham tez tayyor bo‘ladi va nonushta uchun mos tushadi.