Bilasizmi?

The Independent: O‘zbekistonga sayohat qilish uchun 8 sabab

Markaziy Osiyoning "yuragi"da joylashgan O‘zbekiston jahon turizm bozorida o‘zini to‘laligicha namoyon qilmagan, deydi Kler Vut The Independent nashrida chop etilgan maqolasida. Biroq, uning fikricha, "mamlakat uni bilmaslik uchun haddan tashqari chiroyli va ko‘p qirrali". Shu bilan birga, u bugunga kelib O‘zbekiston sayyohlar uchun ochiq ekani, Lodondan haftasiga uch marta reyslar amalga oshirilayotgani hamda viza rejimining soddalashtirilganini alohida qayd etadi. Shu o‘rinda muallif nima uchun sayyohlar O‘zbekistonga kelishi kerakligiga oid sakkiz sababni keltiradi.

Samarqand obidalari Toj Mahal qurilishiga ilhomlantirgan

XV asrda bunyod etilgan Amir Temur maqbarasi o‘zining noyob me’morchiligi bilan maqtana oladi, bu esa keyinchalik asrlar davomida Hindiston me’morlarini shunday binolar qurishga ilhomlantirgan, deyiladi manbada. Maqolada inshoot devorlari tillarang va moviy ranglarda tovlanib, aylana naqshlarni hosil qilishiga e’tibor qaratilgan.

Naqshinkor plitkalar Yevropaning eng zo‘r inshootlari bilan raqobatlasha oladi

Muallif bunday ajoyib, murakkab naqshlarni plitkaga tushirgan ajdodlarimiz mahoratiga tan beradi. "Qadimiy obidalar devorlaridagi naqshlar turli shaklda bo‘lishi mumkin: mozaik kvadrat, geometrik yoki gulli naqshlar, ularning rangi esa ko‘k kobaltdan yorqin havo ranggacha o‘zgarishi mumkin. Ularning eng yaxshilari Shohi Zindada", - deydi jurnalist-sayyoh.

Bu yerda sayyohlar u qadar ko‘p emas

"So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston tashqi dunyoga ochilmoqda, ko‘plab mamlakatlar fuqarolari uchun soddalashtirilgan viza rejimi joriy qildi, yirik shaharlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yildi. Shunday ekan, tez orada respublikaga dunyoning barcha burchaklaridan turistlar oqimi seldek yog‘iladi. Shu bois shoshilganingiz va imkon qadar tezroq O‘zbekistonga tashrif buyurganingiz ma’qul, shunda uning go‘zalligidan to‘laqonli baxra olishga muvaffaq bo‘lasiz", - deya tavsiya qilinadi nashrda.

Tarvuzlari shirin-shakar

Vut O‘zbekistonda yetishtiriluvchi meva va sabzavotlarni zavq bilan ta’riflaydi. Shu bois u salohiyatli sayyohlarga mamlakatimizga yozda kelishni tavsiya qiladi, zero bu mavsumda deyarli barcha mevalar pishib yetiladi.

Shu bilan birga, jurnalist o‘zbek milliy taomlari haqida ham yaxshi fikrlar bildirgan. U o‘zbek dasturxoni ko‘rki hisoblangan palov hamda u bilan birga tortiladigan achchiq-chuchuk salati va mazali patirlarni alohida e’tirof etgan.

Toshkent metrosi Sankt-Peterburg metrosiga raqib bo‘la oladi

Toshkent metrosi dunyoning eng ko‘rkam metrolaridan biri hisoblanadi. Har bir metro bekatiga o‘z nomiga monand ravishda sayqal berilgan, shu bois bekatlar mutlaqo bir-biriga o‘xshamaydi, deyiladi manbada.

Shu o‘rinda metroning Mustaqillik maydoni dizayni, uning qandillariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Maqolada yer osti transportida suratga olish taqiqlanishi qayd etilgan. Ta’kidlash joizki, bugunga kelib O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va bekor qilinayotgan taqiqlar qatorida metroda suratga olishga ham ruxsat berilmoqda.

Toshkent arxitekturasi

Shaharning aksariyat qismi 1966 yilgi kuchli zilziladan so‘ng vayron bo‘lgan, so‘ngra qayta tiklangan, deb yozadi muallif. Maqolada shuningdek bugun bu yerda klassik yevropacha uslubning an’anaviy sharqona me’morchilik bilan uyg‘unlashganini ko‘rish mumkinligi, O‘zbekiston poytaxti katta bulvarlar va parklarga boyligi ta’kidlangan.

Toshkent shahri mehmonlari va mahalliy xalqning sevimli maskani bo‘lgan Mustaqillik maydoni ko‘rkamligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Sahrodagi yulduzli osmon

Shahardan uzoqlashib, qumli kengliklar bilan birga tog‘li manzaralarga ham guvoh bo‘lasiz. Shaffof ko‘llar va plyajlar, qadimiy obidalar xarobalari petrogliflari, tuyalar va katerlarda sayohat qilish - bularning bari bir mamlakatda uyg‘unlashgan.

Sayohat imkoniyatlari

Maqolada O‘zbekistonga sayohatning nisbatan arzon va hamyonbopligiga urg‘u berilgan. Muallifning hisob-kitoblariga ko‘ra, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva bo‘ylab sakkiz kunlik sayohat britaniyalik sayyohlarga bir kishi uchun 1390 funt sterlingga to‘g‘ri keladi. Bu narx ichiga xalqaro reyslardan tashqari joylashuv, ovqatlanish, mamlakat bo‘ylab transportda harakatlanish, gidlar xizmatlari va barcha obidalarga kirish ham qo‘shilgan.

Manba: Kun.uz