Taqinchoqlar asl ko‘rinishini o‘n yil, hatto ellik–yuz yillar davomida ham saqlab qololadi desak, xaron bo‘larsiz. Ammo ishonavering, agar to‘g‘ri parvarish qilsangiz, taqqan uzugu ziraklaringiz qizlaringizu kelinlaringizga ham meros qoladi.
Qayerda saqlanishi muhim!
Taqinchoqlarning turiga qarab, ular uchun mo‘ljallangan «uycha»larni ko‘rib chiqamiz. Demak, birinchi o‘rinda – seyflar turadi. Cho‘ntagingiz ko‘targan narhda kichkinagina seyf xarid qilsangiz, kifoya. Tilla bo‘ladimi yoki kumush bexavotir saqlaysiz. Bir necha qavatli bo‘lmalardan iborat qutilar ham ayni muddao. Qutining har bir bo‘lmasini turlicha nomlash mumkin, masalan, ziraklar bo‘lmasi, uzuklar va.h.k.
Taqinchoqlaringiz yaraqlab turishini istasangiz, ularni qopqog‘i yopiq qutilarda saqlang. Bu qoida, ayniqsa, oq oltin va kumushdan yasalgan taqinchoqlar uchun muhimdir.
Vannaxonaga kirganda barcha taqinchoqlarni tashqarida qoldiring, yo‘qsa, yuqori namlik ularning ko‘rinishini «o‘g‘irlab» oladi.
Qorayib ketsa...
Taqinchoqlar orasida kumu, rangini o‘zgartirishga moyilligi bilan ajralib turadi. Soflik darajasi eng yuqori bo‘lsa-da, bu uni qorayish va ko‘rinishini saqlab qolishdan asramaydi. Misol uchun, qo‘lingizga kumush uzuk taqqaningizda ham taqinchoq teri bilan ta’sirga kirishib, qorayishi mumkin.
Yana bir qiziq qarash bor, tanagizda biror dard bo‘lsa yoki organizmda oltingugurt moddasi me’yordan ortib ketsa, kumush qorayib boraveradi.
O‘z holiga qaytarish mumkin!
1. Bir litr sovunli iliq suvga bir osh qoshiq nashatir spirtidan qushib, kumush taqinchoqlarni 2 soatga ivitib qo‘ying. So‘ng yumshoq lattada yaxshilab arting. Endi esa yanchilgan bo‘r va nashatir spirtidan arashlashma tayyorlang. Aralashmani taqinchoqqa surting-da, 5 daqiqadan so‘ng, iliq suvda yuvib oling.
2. 2 osh qoshiq iste’mol sodasini 500 ml. suv bilan aralashtirib, olovga qo‘ying. Qaynab chiqqanidan so‘ng idishga taqinchoqlar va bir bo‘lak zar qog‘ozidan soling.
3. 200 ml suvga 1 choy qoshiq tuzni aralashtirib, kumush zirak, uzugingizni soling va 2 soatga qoldiring. So‘ng 10-15 daqiqa davomida qaynatib olasiz.
4. 100 gr. limon kislotasini 0,5 litr suv bilan aralashtirib, olovga qo‘ying. Idish ichiga taqinchoqlarni solib, 15-30 daqiqa past olovda qaynating. So‘ng sovuq suvda chayib olasiz-u, quritsangiz bo‘lgani.
5. 1 dona kartoshkani qirg‘ichdan o‘tkazib, 2 osh qoshiq suv bilan aralashtiring. Іosil bo‘lgan aralashmaga kumush buyumlarni bo‘ktirib qo‘ying. So‘ng dag‘al lattada yaltiragunicha arting.
Yarqirab turishi uchun...
Tilla taqinchoqlarda qorayib ketish xususiyati yo‘q, ular faqat kirlanishi va jilosini yo‘qotishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun esa:
1. Ozroq suvga idish yuvish uchun mo‘ljallangan suyuqlikdan soling-da, 3 soatga taqinchoqlarni ivitib qo‘ying, so‘ng yumshoq latta bilan artasiz.
2. Juda ham kirlangan, yillar davomida tozalanmagan tilla buyumlar uchun 2 osh qoshiq istalgan idish yuvish vositasiga bir necha choy qoshiq nashatir spirtidan quyib, taqinchoqlarni 1 soatga solib qo‘ying. Keyin yaxshilab chayib olasizda, quruq lattada artib olaverasiz.
3. Bir stakan suvga 50 ml. vodorod pereksidini arashlashtiring-da, 30 daqiqaga taqinchoqlaringizni solib qo‘ying. So‘ng sovuq suvda yuvib tashlaysiz.
4. Tilla buyumlarni tozalashda eng oson va xalqona usullardan biri oddiy osh tuzdir. 2 osh qoshiq tuzni bir stakan suvga solib eriting-da, taqinchoqlarni ertalabgacha ivitib qo‘ying. Ertalab iliq suvda chayib olgach, artib quritasiz.
5. Bir necha osh qoshiq iste’mol sodasini 250 ml suvda eriting. Chuqurroq idishga zar qog‘ozini solib, ustidan tilla taqinchoqlarni joylang. So‘ng taqinchoq ustidan sodali eritmani qo‘shasiz. Tonggacha shu holatda qoldirsangiz, tilla buyumlaringiz yarqirab ketadi.
6. Oq oltindan ishlangan taqinchoqlarni tozalash uchun esa 25 ml. novshadil spirtini 50 ml. suv bilan aralashtirib, yarim soatga tilla buyumlarni solib qo‘ying.
7. Marvarid ko‘zli tilla taqinchoqlarni yuvayotganda ehtiyotkorlik talab etiladi. Marvaridga spirt va sirka tegib ketishiga yo‘l qo‘ymang. Uni shunchaki sovunli ko‘pikda yuvsangiz kifoya.
8. Tilla taqinchoqlaringiz uzoq yil xizmat qilishi uchun uy ishlariga unashdan avval ularni yechib qo‘ying.
Yon daftaringizga
Yuzasida qoplamasi bor taqinchoqlarni tish pastasi yoki bir necha tomchi nashatir spirt tomizilgan bo‘rda tozalang.
Yog‘ochli bijuteriyadan tashqari qolgan barcha turdagisini oddiy sovunli suvda yuvib quritish mumkin.
Bijuteriya ko‘rinishini saqlab qolish uchun yuzasiga rangsiz tirnoq bo‘yog‘idan surtib qo‘yish lozim. Shuningdek, atir va spirt tegib ketishidan ehtiyot bo‘ling. Bijuteriya buyumlari suv bilan yaxshi chiqishmaydi.
Anora G‘ULOMOVA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz