Tirnoqlaringiz sog‘lom va chiroyli bo‘lishi uchun muntazam ravishda ularga mustahkamlovchi lak surish va egovcha bilan to‘g‘rilashning o‘zi yetarli emas. Butun organizm kabi tirnoqlar ham oziqlantiruvchi moddalarni talab qiladi.
Biotin
Biotin sifatida tanilgan B7 vitamini tirnoqlarni mustahkamlovchi kollagen hosil bo‘lishiga yordam beradi. Bu vitamin yetishmasligi oqibatida tirnoqlar quruq va mo‘rt bo‘lib qoladi. Biotin ko‘pchilik oziq-ovqatlar: losos, avokado, qo‘ziqorin, gulkaram, jigar va sabzilar tarkibida uchraydi.
Rux
Rux tirnoqlarning o‘sishi uchun juda muhim — bu mikroelement yetishmasligi oqibatida o‘sish sekinlashadi, tirnoqlar esa mo‘rt bo‘lib qoladi. Hayvonlardan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlari: qizil go‘sht, kalla-pocha va ichak-chavoqlar, baliqlar tarkibida rux moddasi ko‘p. U yana boshoqlilar va yong‘oqlar tarkibida uchraydi, lekin parhezshunoslar o‘simliklardan olinadigan oziq-ovqatlardagi rux moddasi organizm tomonidan yomon singdirilishiga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi.
Temir
Temir moddasi tirnoqlar plastinasining shakllanishi va uning tuzilishiga javob beradi: agar tirnoqlar notekis o‘sayotgan bo‘lsa va bunda tashqi shikastlanishlar kuzatilmasa, bu holat odamda temir moddasi yetishmasligidan darak beradi.
Yetishmovchilikni ratsionga yog‘siz qizil go‘sht, kurka go‘shti, tuxum, yashil bargli sabzavotlar va dukkaklilar qo‘shish orqali to‘ldirish mumkin.
Oltingugurt
Oltigugurt tirnoqlarning mustahkamligi uchun javob beradigan sistein aminokislotalari tarkibiga kiradi. Lekin sistein miqdori genetik jihatdan belgilangan, tegishli ravishda, tirnoq plastinasining qalinligiga birinchi navbatda genlar javob beradi.
Shunga qaramasdan organizmda temir moddasining yetishmasligi natijasida plastinalar yupqa va mo‘rt bo‘lib qoladi, teri va sochlarning ahvoli yomonlashadi. Odatda oltingugurtning zarur miqdori kunlik muvofiqlashtirilgan ovqatlar bilan birga kelib tushadi: inson organizmi uni sut mahsulotlari, tuxum (ayniqsa bedananiki), mol go‘shti, baliq va loviyalar bilan birga qabul qiladi.
Fosfolipidlar
Fosfolipidlar va xolesterinni keratin molekulalarini bog‘lovchi «sement» deb ham atash mumkin. Shuning uchun tarkibida yetarlicha bo‘lmagan miqdorda yog‘lar ishtirok etadigan parhez — nafaqat teridagi, balki tirnoqlardagi muammolarning ham manbai hisoblanadi: ular ancha uvalanuvchan va qatlamlarga ajraladigan bo‘lib qoladi.
Fosfolipidlar asab hujayralari tarkibiga kiradi, shuning uchun ularning yetishmasligi tez charchab qolish, xotiraning buzilishi bilan kechishi mumkin. Fosfolipidlar va xolesteringa boy bo‘lgan oziq-ovqatlarga birinchi navbatda tovuq tuxumi kiradi.
Manba: Daryo.uz