Salomatlik

Tishlar nima uchun ta’sirchan bo‘lib qoladi va bunday holatda nima qilish kerak?

Tishlarning ta’sirchanligiga ko‘pchiligimiz duch kelganmiz. Achchiq olmani tishlashda yoki issiq choyni ho‘plashda keskin og‘riq bezovta qilgan. Eng achinarlisi shundaki, og‘iz bo‘shlig‘ining astoydil gigiyenasi va muntazam ravishda stomatologga qatnash ham bu ko‘ngilsiz holatga to‘siq bo‘la olmaydi.

Nima uchun tishlar sezuvchan bo‘lib qoladi?

Siz og‘iz chayqash vositasidan haddan tashqari ko‘p foydalanasiz

Bu tishlarning emal qavatini yupqalashtiradi. Chunki bunga o‘xshash vositalar tarkibiga ko‘p hollarda kislota qo‘shiladi.

Siz nordon ta’mli noz-ne’matlarni yaxshi ko‘rasiz

Limonad va sitrusli ichimliklar, mandarin, obaki konfetlar tarkibida ham yuqorida eslatib o‘tilgan kislotalar mavjud.

Siz tishlaringizni oqartirgansiz

Bu amallarning ham bir qator nojo‘ya ta’sirlari mavjud bo‘lgani uchun ularni faqat haqiqiy tajribali mutaxassislar amalga oshirishi kerak. Lekin ko‘pincha oppoq tishli tabassum ortidan quvish tufayli bu qoidalarga rioya qilinmaydi.

Sizda tishlam noto‘g‘ri

Bu vaqt o‘tishi bilan tishlarning yemirilishini tezlashtiradi. Emal yanada yupqalashadi.

Sizning ma’lum bir zararli odatlaringiz bor

Masalan, tirnoqlarni tishlash yoki tishlarni g‘ichirlatish odati. Bularning hammasi emallarda yoriqlar hosil bo‘lishiga olib keladi.

Sizda milklaringiz bilan bog‘liq muammo bor

Yosh o‘tishi bilan nafaqat tishlar, balki milklar ham eskiradi: ular tish ildizlarini ochiq qoldirgan holda tishdan ajrala boshlaydi. Ildizlar ustida emal qavati yo‘qligi uchun ular tishning yuqori qismiga qaraganda ancha sezuvchanroq bo‘ladi.

Tishlar sezuvchanligini qanday kamaytirish mumkin?

Vaqtni o‘tkazib yubormasdan stomatologga murojaat qiling. Bu mutaxassis sizga quyidagi tavsiyalardan birini yoki bir nechtasini berishi mumkin.

Tishlarga maxsus lak surish

Lak emaldagi yoriqlarni va tish kanallaridagi yoriqlarni yopadi. Bunday laklar tish emalini mustahkamlovchi ftoridlar asosida ishlab chiqariladi, amal esa ftorlash deyiladi.

Zichlovchilar va to‘ldiruvchilar surish

Ular tishlarning ochiq ildizlarini qoplash uchun ishlatiladi.

Sezuvchan tishlar uchun mo‘ljallangan tish pastasiga o‘tish

Bunday vositalar tarkibida nafaqat tishlar emalini mustahkamlovchi, balki ta’sirchanlikni kamaytiruvchi maxsus vositalar ham mavjud.

Manba: Daryo.uz