Salomatlik

Tizza va tirsaklardagi dag‘al teri nimadan dalolat beradi va undan uy sharoitida xalos bo‘lish iloji bormi?

Tirsak va tizzalardagi teri ko‘pincha giperkeratoz — epidermisning qurib qolgan qatlamlari qalinlashishidan azob chekadi. Giperkeratoz qon aylanishining buzilishidan, shuningdek, bahorgi gipovitaminozdan ham darak berishi mumkin. Birinchi holatda muammo odatda terining tashqi ta’sirga uchrashi natijasida kelib chiqadi. Masalan, tirsakdagi g‘adir-budurlik kishi kitob o‘qiyotganida yoki ovqatlanayotganida unga suyanib o‘tirishi natijasida paydo bo‘ladi. Bahorgi gipovitaminoz esa vitamin va mikroyelementlar yetishmasligi oqibatida yuzaga keladi. Bunda, avvalo, kompleks vitaminlar yordam beradi. Ularni tanlashda shifokor bilan maslahatlashish lozim.

Tizza va tirsaklardagi g‘adir-budurlikdan uy sharoitida xalos bo‘lish qiyin bo‘lsa-da, buning iloji bor.

Cho‘milish paytida dag‘allashgan joylarni qattiq cho‘tka yoki mochalka yordamida, zarur bo‘lsa, hatto sovun urilgan pemza bilan ishqalash zarur. Yuvinib bo‘lgach, tizza va tirsakning quruq terisiga juda yog‘li krem surib qo‘yish kerak.

lokti

Bir haftada bir marta o‘simlik yog‘i va kanakunjut moyi (kastorovoye maslo) aralashmasidan kompress qilish ham yaxshi samara beradi. Bunda kompressdan avval yog‘ni sal isitib olish kerak. Kompressdan so‘ng tizza va tirsak terisini pemza bilan ishqalab, terining qotib ketgan qismlarini tushirish lozim, so‘ng yog‘li oziqlantiruvchi krem surib qo‘ying.

110284902_hAbbZ7sac

Terining dag‘alligini yo‘qotishda sovun va sodali vannalar ham asqotadi. Vannani tayyorlash uchun 50 gramm osh sodasini bir litr qaynoq suvda eriting. Dastlab tizza va tirsakka krem suring, so‘ng 10 daqiqaga vannaga solib turing. Shundan keyin va pemza bilan ishqalang. Ko‘proq natijaga erishish uchun jarayonni ikki marta takrorlang.

Tizza va tirsakning qo‘pollashib ketgan terisiga har kuni achchiq bodom yog‘i surish, limon bo‘lagi yordamida massaj qilish ham yaxshi foyda beradi.

original

Biroq shuni yodda tutingki, teridagi g‘adir-budurlikdan to‘la qutulish uchun uning sababi — gipovitaminozni davolash lozim. Shuning uchun uy sharoitidagi protseduralarni vitamin va mikroyelementlar qabul qilish bilan birga olib borish zarur.