Bilasizmi?

To‘lov-kontrakt narxi keskin oshirildi, e’tirozlar bo‘ldi, ammo o‘zgarish bo‘lmadi

O‘zA «To‘lov-kontrakt oshirildi, e’tirozlar bo‘ldi, ammo o‘zgarish bo‘lmadi» nomli maqolani e’lon qildi. Ushbu maqolani to‘lig‘icha e’tiboringizga havola qilamiz.

Ma’lumotlarga qaraganda bugungi kunda bir nafar talabani o‘qitishning o‘rtacha xarajati 10,5 million so‘mni tashkil etayotgan ekan. To‘lov-kontrakt miqdori o‘rtacha 8,7 million so‘m etib belgilanmoqda.

Endilikda bakalavrlar uchun eng kam kontrakt to‘lovi 8 milliondan, eng qimmati 11 milliondan ortiqni tashkil etmoqda. Magistrlar uchun esa 9 million so‘mdan boshlanib, 12 million so‘mdan yuqori.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018 yilning 1 sentyabridan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarining oshganligi sababli talabalar va ota-onalarga quyidagi ma’lumotlarni yetkazdi:

Oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish xarajatlarining asosiy qismini, ya’ni 91 foizini ish haqi va stipendiya to‘lovlari tashkil etishi inobatga olinib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati respublikadagi eng kam ish haqi miqdoriga bog‘landi va unga nisbatan karra barobarida belgilandi.

Amaldagi to‘lov-kontrakt qiymatlari 2016/2017-o‘quv yili uchun belgilangan bo‘lib, 2017/2018-o‘quv yilida ushbu qiymatlar o‘zgarishsiz qoldirildi.

2018 yil 1 sentyabrdan amaldagi to‘lov-kontrakt qiymatlari miqdorlari o‘rtacha 18,5 foizga yoki ta’lim yo‘nalishlariga qarab 12,3 foizdan 24,7 foizgacha oshirildi.

Yuqoridagilarga asosan yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorini indeksatsiya qilishda, asosiy omil sifatida, o‘tgan o‘quv yillarida stipendiya va ish haqi miqdorlarining 2016 yil 1 oktyabrdan 15 foizga, 2017 yil 1 dekabrdan 15 foizga oshganligi, lekin to‘lov-kontrakt miqdorlarining oshirilmaganligi ham inobatga olindi.

Shu bilan birga, to‘lov-kontrakt miqdorini o‘rtacha 18,5 foizga oshirishda 2018 yil 15 iyuldan respublikada ish haqi va stipendiya miqdorlarining 7 foizga, 2018 yil 1 sentyabrdan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari oylik maoshining o‘rtacha 25 foizga oshirilganligini qisman qoplash lozimligi, aks holda, yangi o‘quv yilining yakuniga kelib oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha tegishli xarajatlar uchun mablag‘lar yetishmovchiligi kelib chiqishi ham hisobga olindi.

Alohida ta’kidlash lozimki, talabalarga, ularning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishidan qat’iy nazar, bir oyda stipendiya to‘lab boriladi. Hozirgi vaqtda stipendiyaning o‘rtacha oylik miqdori 466 ming so‘mni yoki yiliga 5,6 million so‘mni tashkil etadi va u o‘qitish miqdorida to‘liq kiritiladi. Bunda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining 45-80 foizini stipendiya tashkil etadi. (Talaba a’lo baholarga o‘zlashtirsa, jami 7,5 million so‘m stipendiya oladi) Talabaga o‘zi tomonidan o‘qish uchun to‘langan mablag‘ning taxminan yarmi yoki undan ko‘pi o‘quv yili davomida oylik stipendiya ko‘rinishida qaytariladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi keltirgan ushbu izoh ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Muhayyo Nabiyeva: ta’lim tizimi pullik bo‘larkan rivojlanishda to‘siqlar ko‘payaveradi. To‘g‘ri, bizning yurtimizda boylar ko‘p, lekin oddiy xalq, ularning farzandlari, moddiy jihatdan o‘qish kontraktini ko‘tarolmaydigan odamlar nima qilsin...

Gulnoz Xodjayeva: birinchidan, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik ahvoli achinarli ahvolda. Ikkinchidan, stipendiya olib o‘qiyotgan talabalar bilan birga stipendiya olmasdan o‘qiyotganlar ham bor. Bular maxsus sirtqi, kunduzgi sirtqi va 2-mutaxassislik talabalari. Ularning ham kontraktlari 33 foizgacha oshirildi. Bu yil o‘tgan yilgiga qaraganda qabul kvotalari soni har bir oliy ta’limga kamida 750 dan etib belgilandi. Bular ham kontrakt asosida o‘qiydi. Kechirasiz-u, shuncha pulni oliy ta’limning o‘ziga sarflasa...

Uchinchidan oliy ta’limda hali ham poraxo‘rlik, sifatsiz ta’lim, eskicha qog‘ozbozlik, konspekt va hokazolar davom etib yotibdi. Nima uchun biz shuncha kontrakt to‘lashimiz kerak? Men oliy ta’limdagi o‘qituvchilardan sifatli ta’lim berishini talab qilganimda, beparvogina «Repititorga bor», dedi. Men o‘zimni sifatli ta’lim olmayapman, deb hisoblayman.

Avvalo, pedagogning o‘z kasbini suiiste’mol qilishga, ta’lim jarayoniga e’tiborsizlik bilan yondashishga haqqi yo‘q. Qolaversa, chuqurroq bilim berish o‘rniga talabaga repititorga borishni taklif qilishi, bu o‘zining savodsizigini tan olish bilan barobar emasmi? Shunday pedagoglar ta’lim tizimida ishlashga munosibmi? Mehnat qilib farzandini ziyoli qilishga urinayotgan xalqimizga nisbatan xiyonat emasmi bu? Tekinga oylik olish hisoblanmaydimi?

Bundan tashqari, super-kontrakt masalasi ham bor. Yigit yoki qiz o‘qishni juda xohlaydi, ammo ota-onaning qo‘li kalta. Shuncha pulni qayerdan oladi. Bilimi bor, bir kasbni egallasa kelajakda jamiyatga nafi tegadigan mutaxassis bo‘lishi mumkin. Lekin shu yilda omadi chopmadi, ya’ni past ball bilan super-kontrakt asosida o‘qish imkoni bor. Ammo u pulni qayerdan olsin?

Bu uning orzulari sinishi, kelajakka bo‘lgan ishonchini o‘ldirmaydimi? Kelgusi yilni kutsinmi? Raqobat bundanda ko‘proq bo‘ladi-ku. Qolaversa, imtiyoz, turli imkoniyati borlar grantni egallasa yana kontraktga tushib turibdi-da.

Yurtimizda o‘z oilaviy iqtisodini tiklab olganlar ko‘pchilikni tashkil etayotgani haqiqat. Ammo hammada ham bunday imkoniyat yo‘q. Imkoniyati yetganlar maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, kollej yoki litseyda o‘qiyotgan farzandlarini repititorga beradi. Chunki o‘z kasbini suiiste’mol qilib, chuqur ta’lim berish o‘rniga moddiy manfaat uchun o‘quvchilarni qo‘shimcha darsga borishga majbur etayotgan pedagoglar ham bor.

– Algebra fani menga yoqadi, – deydi 10-sinf o‘quvchisi Mehrangiz Usmonova. – Lekin o‘zlashtirishimiz qiyin. Bu faqat menga emas, boshqa sinfdoshlarimga ham tegishli. O‘qituvchimizga aytsak, yaxshi baho olishni istasalaring qo‘shimcha darslarimga qatnashinglar, deydi. Darslarning bir kuni 15 ming so‘mdan.

Fanga qiziqqan, ammo qo‘shimcha darslarga bora olmayotgan o‘g‘il-qizlarimiz oliy ta’lim maskanlariga o‘qishga borganida ham muammolarga duch kelishi aniq. Bu kabi muammolar bugun faqat oliy ta’lim bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda. Uning tub ildizi yana birlamchi ta’lim maskanlari bilan bog‘liq. Shunday ekan kontrakt borasida qaror qabul qilinayotganda shu jihatlar e’tiborga olinsa yaxshi bo‘lardi.

Kontrakt to‘lash uchun talabaga muddat beriladi. Agar shu muddat orasida pulni topa olmasa, o‘qishdan ketadi. O‘ylab ko‘ring, o‘qiyman, yurtim, xalqim kelajagi uchun mehnat qilaman, degan yigit-qizlarni o‘qishdan haydab yuborish adolatdanmi? Ularni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga osongina qaror qabul qilinsa, yaxshi kadrlar masalasi yana muammolar ostida qolmaydimi?

Kontrakt oshganidan so‘ng ota-onasining qiynalayotganini ko‘rgan yoshlar darsga bormaslik yo‘llarini izlamoqda. Ular turli ishlar qilib pul topish yo‘liga o‘tmoqda.