Kutubxona

To‘ydagi kimo‘zar o‘yini yoki sarpo mashmashasi

Qiz uzatayotgan va kelin tushirayotgan onalar diqqatiga!

Ota-onalarning yarim umri bolalari uchun sarpo-curuq yig‘ish, uy-joy qurish, moddiy-texnik boyliklar jamg‘arish orzusi va tashvishi bilan o‘tadi. Nima uchun shundayligini yigit-qizlar yaxshi fahmlasharmikan? Qizini birovdan kam qilmay uzatish, o‘g‘liga imorat solib berishni har bir ota-ona o‘z burchi deb biladi. Bu burchni ado etish asnosida ular farzandini qiyinchiliklardan ehtiyotlaydi, og‘irliklarni o‘z bo‘yniga oladi, atak-chechakni boshlagan yosh oila oyoqqa turib olishi uchun qo‘lidan kelgan bor imkoniyatni ishga soladi. Faqat shu imkonlarini ikki yosh baxtiga omil bo‘la olmaydigan narsalarga sarflab yuborishi ba’zan kishini o‘ylantirib qo‘yadi.

Hammasi o‘zimizdan boshlanadi!

Bunday gaplarning ming turlisini eshitgansiz: «mebelini qaytarib yuboribdi», «pardasidan ko‘ngli to‘lmabdi», «qudalarim juda tog‘oraparast, molparast chiqdi», «olib kelgan mantisining tagi tushib yotgan ekan», «norin bergan tog‘oramga 2 ta non solib qaytaribdi», «qo‘ygan materiali buvimning zamonidan qolgan»… Ha, to‘y qilishga kelishilgan kundan boshlaboq shu kabi gap-co‘zlar, o‘y-fikrlar tomonlar aro «borib-kelaveradi». Oddiygina «oq o‘rar» marosimida avval kuyov tomon kelinga bitta oq mato yoki oq ro‘mol qo‘yib, oqlik taqdim etgan bo‘lsa, hozir bosh-oyoq sarpo (tilla taqinchoq, co‘nggi urfdagi oq libos, oq tufli, oq sumka…) qo‘yishni urfga kiritgan bo‘lajak qaynonalar bozorlarni kezib chiqishadi. Kelinni ko‘rmay turib, aytilgan o‘lcham bo‘yicha, yoqish-yoqmasligini ham bilmay, o‘z didiga ko‘ra kiyim-boshlarni palon pulga xarid qiladi. Kattani kichraytirish, kichigini sotuvchi bilan talashib almashtirib kelish kabi muammolarning o‘zi ikki tomonni ham to‘y oldidan qancha vaqt va harajat sarflashga majbur qiladi. Faqat shu muammoni eslaboq, miyamda bir fikr aylanaveradi: nega hammasini chalkashtirib, murakkablashtirib yuborganmiz o‘zi? O‘zimiz to‘y oldi xarajatlaridan noliymiz-u, yana boshqalardan ortda qolmaslik uchun tirishaveramiz. Ba’zi qudalar «Har kim o‘zi uchun sarpo qilsin», degan to‘xtamga kelmoqchi ham bo‘lishadi. Lekin yana «el-yurt a’moli» ustunlik qiladi, «bir sidra qilmasam bo‘lmaydi» deb, har ikki tomon bir-biridan xijolat bo‘lib, yana o‘sha mantiqsizlikka qaytishadi. Sarpo bilan bog‘liq an’analarni ham qulaylashtirish kerakmasmikan?

Mantiqsiz bordi-keldilar

Qudachilikning eng katta bordi-keldisi fotiha to‘yida sinovdan o‘tadi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar oldida uyalib qolmaslik vajidan har birining qiymati 100 ming so‘mdan oshadigan tugun-tog‘oralar zanjirini sho‘rlik onalar bo‘yinlariga osishadi. «Nechta ayol bilan keladigan bo‘ldingiz?» deb qudasidan so‘rab olgan qizning onasi vakillarning har biriga patnis tayyorlaydi. Mana shu patnisga qo‘yiladigan mahsulotlarni ko‘rib, umrida kulmagan va kuymagan erkak bo‘lmasa kerak. Qarang-a, kelgan ayollar tog‘orani bekorga ko‘tarib kelishmaydi, o‘zlari bilan bir kiyimlik qimmatbaho mato, biror idish-tovoq, qora choy, ko‘k choy, qahva, oq qand, ba’zan quyiltirilgan sut (!), konfetlar, shokoladning donali, kilogrammli turlaridan (hammasini eslash uchun ancha vaqt kerak) solinib, chiroyli qilib bezatilgan (maxsus qog‘oz ham yaxshigina xarajat) patnisni ko‘tarib ketishadi. Samarqandlik dugonam esa bir fotihada quda xotinlarga zamonaviy soyabon, qo‘l fonusi (bu nimaga kerak, bilolmadik), yana bir safar har bir vakil xotinga xorijiy liboslar qo‘shib berishganini ko‘ribdi. Ba’zilar «erkaklar boradigan bo‘lsa, ancha kamxarjroq bo‘ladi», degan fikrda erkak qudalarni fotihaga jo‘natadi. Hatto shunday bo‘lsa ham harajatlar va harakatlar kamaymaydi, har biriga to‘n kiydirilib, qo‘llariga katta paket tutqaziladi. Vakillar ziyofat yeb, suhbat qurib turgan bir chog‘da tovoqxonada tapir-tupir avjida: tog‘oralar zudlik bilan bo‘shatilib, yuvilib, quritilib, boshqa taomlar joylashtiriladi. Ziyofatni to‘yib yeb olgan vakillarga tog‘oralarni yana to‘ldirib qaytarib berishadi. Agar aqlimiz uyg‘oq bo‘lganida mana bunday o‘ylarmidik: o‘sha taomlar hammaning o‘z uyida qolsa bo‘lmasmikan? Ba’zan nega shunday odatlar yuzaga kelgan ekan deb etnografiya, madaniyatshunoslik, tarix kitoblarini titkilab chiqaman, kattalardan, buva-buvilarimizdan so‘rayman, javob topolmay xunob bo‘lasan kishi.

Talab va imkon to‘qnashuvi

Aslida bizda hammaning niyati jiddiy va xolis: qisqartirilgan, ammo orzu-havasli to‘y. Bu orzusi tushmagur chegara bilmaganidan keyin ayollarimiz nima qilishsin? Qaysi viloyatda faqat birgina xonani mebel bilan ta’minlash joiz bo‘lsa, boshqa viloyatda kelinga beriladigan har ikki (ba’zan, uch) xonani to‘la-to‘kis bezatish talab etiladi. Har qanday holatda ham to‘y qilish oson emas. Yana shunisi ham aniqki, har ikki tomon (kelin va kuyov) ham to‘y qilib, moddiy jihatdan yutmaydi. Ko‘pincha «qiz tomonga qiyin», deyishadi, yo‘q, ham qiz uzatib, ham o‘g‘il uylantirgandan so‘rab ko‘ring, natija: ikki o‘n besh — bir o‘ttiz. Bitta mebelining o‘zi palon pulligidan qiz tomon og‘rinsa, nikoh to‘yi harajatlariyu mashmashasi, qalin pulini aytib, kuyov tomondagilar ham chakana xarajat qilmasliklarini ta’kidlashadi.

Hamkasbim guvoh bo‘lgan holat: «...Yon qo‘shnimnikida «mol yoyar» marosimi bo‘ldi. Qo‘yarda-qo‘ymay, «yuring, kelinimning narsalarini ko‘rasiz», deb olib chiqib ketdi. Qo‘shnim o‘zida yo‘q xursand bo‘lib, «mana, qarang, ho‘l latta bilan ham artib ko‘rdim, kelinimning bu mebelining rangi chiqmas ekan» deb qolsa bo‘ladimi! Odamlar shunchalik ham bir-birini kavlashtiradimi? O‘zimning ham qizim bor, uzatishga qo‘rqib qoldim».

Qaynonaga kelinining sepi yoqmasa bormi, ko‘nglini qudalari yuboradigan keyingi sovg‘a-salomlar ham ilitolmasligi mumkin. Chunki g‘isht qolipdan ko‘chgan: hamma ko‘radigan, hamma gapiradigan payt boy berildi». «O‘g‘lim (qizim) bir marta kuyov (kelin) bo‘ladi, qo‘ygan sarposi shumi?» deb oshkora xafa bo‘ladigan onalar yoshlarning ham ko‘ngil uyini buzib qo‘yishadi. Kiyim topiladigan narsa, ammo yoshlarning bir-biriga, kattalarning munosabatiga qo‘ygan dastlabki ixlosini qayta tiklash esa juda mushkul. Shu o‘rinda qaynonalar ham bir narsani to‘g‘ri tushunishga harakat qilsalar bo‘lardi: siz qanday oiladan kelin qilayotganingizni yaxshi tushunib turibsiz, ularning imkoniyatlarini baholay olasiz. Shuning uchun ham u tomondan shunga yarashasini kuting, iloji bo‘lsa hech nima kutmang. Shunda «ortig‘i bo‘lsa bosh ustiga» deysiz, kamiga esa asabingizni buzmaysiz.

Bir tanishimiz qiz uzatganida «pardasining o‘zi bor yiqqan-terganimni ko‘kka sovurdi», degandi. Quda xola 5 xonali uyining hammasiga «yangi parda osinglar, pardani ko‘rganlar bu uyga yangi kelin tushibdi, desin» kabi gaplar bilan oshxonadan tortib, balkongacha parda ostiribdi. Mana shunday talab va takliflar bilan chiqqan qaynonalar to‘y oldidan oilasidagi moliyaviy qiyinchiliklar, ma’naviy asabbuzarliklarni ko‘rib, eshitib, qo‘rqib, kelgan kelini bilan til topishishda ham qiynaladi.

Sarpo-suruq klassifikatsiyasi

Ikki tomon kelishmovchiligiga sabab bo‘ladigan sarpo nimalardan iboratligi haqida fikr yuritsak. Latta-putta, tog‘ora-tugundan tortib, kelin va kuyov uchun 4 faslga mo‘ljallangan boshdan-oyoq kiyim-kechak, idish-tovoq, ko‘rpa-to‘shak, gilam-palos, mebellar (yotoqxona, mehmonxona mebeli, divan-kreslo majmui, stol-ctul…), texnik jihozlarning (televizor, kir yuvish mashinasi, kompyuter, mikroto‘lqinli pech, muzlatgich, changyutkich...) hammasi kelin bolaning sepi doirasiga kiradigan bo‘lib qoldi. Albatta, har bir viloyatda sarpo-curuq masalasiga o‘ziga xos yondashiladi. Shunday bo‘lsa-da, hamma yerda kelinning molidan kamchilik topish, yoki sepni dabdabali qilib, oshirib-toshirish kuzatiladi.

FOTO: mebellar, gilamlar, kiyim-kechaklar

Kerakmaslarni chegirib, keraklilarni olish mumkin-ku!

To‘ylar bilan bog‘liq qanchadan-qancha isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yamiz. Masalan, 4 ta tog‘ora o‘rniga o‘rtacha changyutkich sotib olish mumkin. Bir donasi palon so‘m turadigan atirlar, 2 ta to‘yga kiyilgach, urfdan qoladigan ko‘ylaklar o‘rniga kir yuvish mashinasi, yillar davomida ishlatiladigan idish-tovoq, nikoh oqshomiga kiyiladigan million so‘mli oq ko‘ylakdan chegirib yoki 3 ta ashula aytib jo‘nab qoladigan 5-6 nafar fonogrammachi sonini kamaytirib, tor ko‘chamizga sig‘maydigan uzundan-uzun mashinalardan voz kechib, o‘rniga og‘irimizni yengil qiladigan narsalarga ham imkon topish mumkin. Agar to‘yga reja va iqtisod loyihasi sifatida yondashilsa, to‘yonalarning o‘zidan ham xomashyolar olib, to‘y boshlash va risoladagidek o‘tkazish mumkin. Buning uchun faqat ikkala quda o‘zlariga mos va xos kelishuvni yo‘lga qo‘yishlari kerak. Ammo afsuski, oramizda bir-biri bilan til topisha olmaydigan, qudasi tomonidan aytilgan to‘g‘ri gapni-da faqat yomon tarafga oladigan qudalar ham uchraydi.

Kelishuv cyepni ko‘ngildagidek, to‘yni orzudagidek qiladi!

O‘zim guvohi bo‘lgan holat: bo‘lajak qaynona qudasiga «qizingiz yaltir-yultir kiyimlarni ko‘p tiktirib tashlamasin, o‘qishga boradi, o‘ziga kerakli narsa olsin. Mana, qizimning kiyimlari ham qanday bo‘lsa shundayligicha turibdi. Men ishlaydigan odamman, ko‘p mehmonma-mehmon yurolmayman, kiyilmasligi mumkin. Mehmonxonani ham o‘tgan yili ta’mirdan chiqarib, yangi zamonaviy parda osganman. Pardaga pul ketkazmang» desa, qizning onasi «qizimga material qo‘ymoqchimas, qizining eski-tuskisini tutqazmoqchi. Hozircha shunday deydi, parda osmasam, hamma qatori o‘zi ham gap qiladi» deb, o‘zini ham qiynagan, qudasining ham gap bilan dilini og‘ritgandi.

Ha, ota-onalarimiz o‘zlari bilganicha, qurblari yetganicha taxtni qurib beradilar-u, ammo baxtni qurib bera oladigan darajada qudratli emas. Afsuski, ko‘pchilik oilalarning baxtsizligi, o‘zaro tushunmovchilik va nizolariga o‘sha qurilgan taxtning katta-kichikligi, tilla-kumushligi, bezakli-kamtarligi, dabdabali-haminqadar ekanligi sabab bo‘ladigan holatlar ham bo‘ladi... Yana odamlar «sep hech narsa qilib bera olmaydi, agar kelin epli bo‘lmasa», deyishadi. «Boylik bilan baxtni sotib olib bo‘lmaydi» degan fikrga ham ming yillar avval isbot topib bo‘lingan. Bu gaplarni hamma yoddan bilar ekan, shuncha g‘alva nima uchun?

Aziza QURBONOVA

Manba: Darakchi.uz