Bilasizmi?

Toshkentda yana bir madaniy xordiq chiqarish maskani quriladi

Toshkent shahar hokimligi xabariga ko‘ra, shahar markazida joylashgan “Jasorat” monumenti va uning atrofi butunlay yangi qiyofaga ega bo‘ladi.

“Ushbu maydon shaharsozlikning zamonaviy talablari asosida tubdan yangilanadi. Bu yerda aholining ko‘ngildagidek xordiq chiqarishi uchun keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi”, — deyilgan xokimiyat xabarida.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, ta’mirlash ishlari munosabati bilan monument oldidan o‘tgan piyodalar yo‘lagi vaqtincha yopilishi va ushbu noqulaylik uchun poytaxt hokimligi aholidan uzr so‘rashi ham aytib o‘tilgan.

Jasorat maydoni va uning atrofi ta’mirlanganidan so‘ng qanday qiyofaga kirishini quyidagi bannerlarda ko‘rish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, “Jasorat” monumenti 1970 yilning 20 mayida ochilgan edi. Yodgorlik markazida joylashgan qora marmar toshning bir tomonida Toshkentda yuz bergan zilzila sanasi 1966 yilning 26 apreli, ikkinchi tomonida zilzila vaqti – soat 5:24 tasvirlangan.

Qoq o‘rtasidan darz ketgan  ushbu marmartosh zilzilani, yer qobig‘ining yorilishini aks ettiradi. Yoriq esa undan bir necha metr narida turgan hayokalning poyiga qadar davom etgan. Haykalda tasvirlangan matonatli erkak ushbu tabiiy ofatni go‘yoki o‘z ko‘kragi bilan qaytarib turgandek, ayol kishi esa yosh go‘dakni bag‘riga bosgan holda uni asrab qolmoqda.