Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni mamlakatimizda atom elektr energetikasini barpo etish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazganligi haqida xabar berilgan edi.
Atom elektr stansiyasini qurish va undan foydalanishda eng zamonaviy va murakkab texnologiyalar qo‘llaniladi. Buning uchun esa yuqori saviyali va chuqur bilimga ega bo‘lgan mutaxassislar kerak. Shu bois Toshkentda fizika sohasida dunyoda yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Moskvaning muhandislik-fizika institutining filialini ochish mo‘ljallanmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati yig‘ilish bayonida keltirgan.
Shuningdek, fizika va texnika yo‘nalishlaridagi oliy o‘quv yurtlarini bitirgan salohiyatli kadrlarni tanlab olib, ularni Moskva va Minskka o‘qishga hamda atom elektr stansiyalarida tajriba orttirishga yuborish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda har bir bosqichdagi ishlarni puxta ishlab chiqish va amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.