Bilasizmi?

Toshkentdagi Puchon universiteti joriy yildan talabalarni qabul qiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyuldagi qarori bilan Toshkentda Puchon universiteti (Janubiy Koreya) tashkil etilishini tasdiqladi. Hujjatda qayd etilishicha, navbatdagi xorijiy OTM filialining ochilishi mamlakat maktabgacha ta’lim muassasalarida ko‘p yillik pedagog va tarbiyachilar yetishmovchiligini to‘ldirish va innovatsion muhitni yaratishga qaratilgan.

Universitet maktabgacha ta’lim, arxitektura, dizayn hamda ta’limning boshqa talabgir yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi, shuningdek sanab o‘tilgan sohalarda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib boradi.

Ta’lim Puchon universiteti o‘quv rejalari va dasturlari asosida o‘zbek, rus va ingliz tillarida sirtqi, kunduzgi va kechki shakllarda to‘lov-shartnoma asosida olib boriladi. Bunda potensial ish beruvchilar taqdim etuvchi grantlar, shuningdek mamlakat hududlaridan bo‘lgan yoshlar uchun xomiylik mablag‘lari jalb qilinadi.

Maktabgacha ta’lim, koreys tili, shuningdek arxitektura va dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha OTMga qabul 2018/2019 o‘quv yilidan ochiladi. Ushbu yo‘nalishlarga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy ta’limga ega shaxslar hujjat topshirishlari mumkin.

Universitet bitiruvchilariga beriladigan Puchon universiteti diplomlari O‘zbekistonda qo‘shimcha yuridik jarayonlarsiz oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.

Universitet faoliyati vasiylik kengashi tomonidan boshqarilib, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov uning raisi etib tayinlandi. Yangi OTM Toshkentning Chilonzor tumanidagi Chilonzor pedagogika kolleji binosiga joylashtiriladi.

Puchon universiteti o‘z mablag‘lari hisobidan o‘quv binolari, o‘quv-laboratoriya bazasi, talabalar yashash joylari va boshqa inshootlarni mebellar, inventarlar, o‘quv va ilmiy uskunalar bilan ta’minlaydi, zamonaviy axborot-resurs markazini barpo etadi.