Beldagi og‘riq ham ma’lum bir kasallikning belgisi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ma’lumki, ayol tanasining tuzilishi ortiqcha zo‘riqishga yo‘l qo‘ymaydi. Tana skeleti, mushaklar va boylamalar faqat homilani olib yurishga va uni dunyoga keltirishga moslashgan bo‘ladi.
Homiladorlik vaqtida organizmga yuklama asta-sekin oshib boradi, tuqqandan keyin esa bu muvozanat keskin buziladi, cho‘zilgan mushaklar va boylamalar azaliy holatiga qaytmaydi. Bu holat qandaydir darajada har bir ayolda saqlanib qoladi va hayz ko‘rish paytida belda qattiq og‘riq paydo bo‘lishiga qisman sabab bo‘ladi.
Jinsiy organlarning noto‘g‘ri joylashib qolishi, masalan bachadonning qiyshayib qolishi, bachadonning tushib yoki kattalashib ketishi, qoniqarsiz jinsiy hayot kechirish beldagi og‘riqlar manbai bo‘lishi mumkin.
Bel og‘rishiga ko‘pincha onaning kam dam olib zo‘riqishi sabab bo‘ladi. Shuning uchun qadimdan chilla saqlash udumi bugungi kungacha yetib kelgan. Koreyada yangi tuqqan ona maxsus dam olish maskanlarida kamida 2 hafta o‘tkazadi. U yerda unga dam olish uchun, yaxshi kayfiyatda bo‘lib, bolani emizish uchun bundan tashqari kerakli jismoniy muolajalar olish uchun sharoit yaratib berilgan. Koreyaliklar fikricha, ayol tuqqandan so‘ng 1 oy yaxshilab dam olsa, keyin shunchalik oson va muammosiz bolani katta qila olar ekan.
Shifokorlar tuqqan ayollarga maxsus jismoniy mashqlar, ginekologik massaj, fizioterapiya, mushaklar massaji, muntazam jinsiy hayot va jismoniy yuklamalarni kamaytirishni tavsiya qiladilar.
("O‘zingizni asrang ayollar" - Ye. Ahmedova, L. Boymirzayeva)