Ma’lumki, yuz terisini muntazam parvarish qilish uchun bizga turli niqoblar kerak. Albatta, bu niqoblar tabiiy mahsulotlardan tayyorlagan bo‘lsa, natija yanada samarali bo‘ladi. Shuni hisobga olib, quyida turli yuz terilari uchun niqoblar to‘plamini keltirib o‘tamiz.
Normal va quruq yuz terisi uchun.
Tuxum sarig‘ini bir choy qoshiq o‘simlik moyi bilan aralashtiring. 1/2 choy qoshiq mineral suv qo‘shing. Aralashmani paxtali tampon yurdamida yuzingizga yaxshilab surting. 20 daqiqadan so‘ng sovuq ko‘k choy bilan yuvib tashlang. Bu, niqob terini tetiklashtirib, taranglashtiradi.
Quruq yuz terisi uchun.
Bir osh qoshiq to‘g‘ralgan shivitni 1 choy qoshiq zaytun moyi bilan aralashtirib, bo‘tqa hosil bo‘lishi uchun suli uni qo‘shing. Yuzga surtgach 15 minutdan so‘ng sovuq suv bilan yuvib tashlang.
Bir choy qoshiq petrushkani 3 choy qoshiq smetana bilan aralashtirib, ozgina kartoshka kraxmali qo‘shasiz. 15-20 daqiqaga yuzga surtib, so‘ng yuvib tashlang. Bu niqob yuzni juda yaxshi namlantiradi.
Barcha turdagi yuz terisi uchun.
Bitta apelsinning sharbatini chiqaring. Sharbatni dokaga shimdirib 15-20 daqiqaga yuzingizga qo‘ying. Bundan avval qovoqlar ustiga normal va quruq teri uchun mo‘ljallangan oziqlantiruvchi kremdan yupqa qatlam qilib surtish kerak. Muolajadan so‘ng yuzni nam tampon bilan artish yoki sovuq suvda yuvish kerak. Bu niqob yuzni taranglashtiradi.
Sog‘lom yuz terisi uchun.
Sarhil bodringning yarmini mayda tishli qirg‘ichdan o‘tkazib 1 osh qoshiq o‘simlik moyi va bir choy qoshiq qaynatilgan suv bilan aralashtiring. Niqobni yuzga surtgach 10-15 daqiqadan so‘ng sovuq suvda yuvib tashlang. Keyin ajinlarga qarshi krem surting. Bu niqob yuzni elastikligini ta’minlaydi, unga sog‘lom ko‘rinish beradi.
Ta’sirchan yuz terisi uchun.
Bananni bo‘tqa xoliga kelguncha yaxshilab ezasiz. Tuxum sarig‘i va 1 choy qoshiq o‘simlik moyi qo‘shib aralashtirasiz. Tayyor niqobni 15-20 daqiqaga yuzga surtasiz. Keyin avval iliq, keyin sovuq suvda yuvasiz. Bu niqob yuzni ta’sirchanligini kamaytirib qizarishini oldini oladi.
Yog‘li yuz terisi uchun.
Qirg‘ichdan o‘tkazilgan olmadan ikki osh qoshiq olib 1 choy qoshiq kraxmal va bitta ko‘pirtirilgan tuxum oqi bilan aralashtiring. Yuzga surtib 10 daqiqadan so‘ng avval iliq, keyin sovuq suvda yuvasiz. Bu niqob yuzni tozalaydi, yog‘langanidan yaltirashini bartaraf etadi.
Aralash turdagi yuz terisi uchun.
Sabzi sharbatini smetana bilan aralashtiring. Lavanda (yoki moychechak, yalpiz, jo‘ka (lipa) guli damlamasi) suviga paxtali tamponni botirib, yuzingizni arting. Yuz terisi qurigach, sabzi-smetanali aralashmani yuz terisiga surting. Niqobni 10-15 daqiqadan so‘ng sovuq suvda yuvib tashlang. Bu niqob yuz rangini yaxshilaydi.
Eslatib o‘tamiz, bu niqoblardan foydalanishdan avval o‘z yuzingiz terisini to‘g‘ri aniqlab olishni unutmang!