“Oila – tabiatning shoh asarlaridan biri”. Bu so‘zning zamirida esa aziz, tabarruk, sharafli kabi ma’nolar mujassam. Ayniqsa, bu qo‘rg‘onning chirog‘i va charog‘boni hisoblangan ayollar oqila bo‘lsa, o‘sha xonadonning farzandlari komil inson bo‘lib voyaga yetadilar.
Yaqinda taniqli tibbiyotchi olim, tibbiyot fanlari doktori, professor, Xalqaro ekologiya, inson va atrof-muhit xavfsizligi akademiyasi akademigi Davlat Qo‘ldoshev xonadonlarida mehmon bo‘ldim. Shahar markazidagi torgina hovliga kirishingiz bilan dastlab diqqatingizni xonadondagi saranjom-sarishtalik o‘ziga tortadi. Ushbu xonadonga bo‘lgan tashrifim, muborak yetmish yoshni qarshilayotgan Kenjaxon aya – professorning rafiqalari bilan bo‘lgan samimiy suhbatimiz, u kishining oila haqida aytgan hikmat to‘la dil so‘zlari qo‘limga qalam ushlashga, oilaparvar o‘zbek ayoli haqida yozishga undadi.
Xonadonga kirib borishim bilan professorning gaplaridan rafiqasini o‘ta qadrlashi, ardoqlashi, unga bo‘lgan mehri yaqqol ko‘rinib turardi. Erkaklarning o‘z ayoliga bo‘lgan bunday samimiy munosabatlariga kamdan kam guvoh bo‘lganim sababmi, miyamda “nega ayolini bunchalik ardoqlar ekanlar? Bu ayolda qanday xislatlar mujassamki, uni bu qadar e’zozlaydi, qiziq…” qabilida savollar g‘ujg‘on aylanar, bir tarafdan ularning o‘rnak bo‘lgulik oilasiga havasim kelardi. So‘ng Kenjaxon aya bilan suhbatlashganim sari o‘z-o‘zidan savollarimga javob topila boshladi:
Turmush qurganlariga ellik yil bo‘libdiki, Kenjaxon aya turmush o‘rtog‘ini har taraflama qo‘llab-quvvatlab, boriga ham, yo‘g‘iga ham qanoat qilib, sabr-bardosh bilan turmushning barcha mashaqqatlarini yengib o‘tgan va hozirda besh farzandning onasi, o‘n besh nabiraning buvisi bo‘lib, ularning rohatini ko‘rayotgan ayol. Nazarimda, haqiqiy o‘zbek ayolining timsoli mana shunday qalbi daryo onalarning ezgu fazilatlaridan shakllanadi.
Ijodkor va ilm kishilarining rafiqasi bo‘lish, ochig‘ini aytganda, u qadar oson emas: ularning safarlarda uzoq muddat bo‘lishi, ilm qilish jarayonining maxsus sharoitlar talab qilishi istaymizmi, yo‘qmi turmush yuklarini ko‘proq ayol zimmasiga tushib qolishiga olib keladi. Bunday holatlar umr bo‘yi davom etmasa-da, tez-tez sodir bo‘lib turadi. Ijodkorga erkinlik kerak, ijod qilishi uchun sharoit kerak va bu borada uni tushuna oladigan umr yo‘ldosh kerak. Kenjajon aya turmush o‘rtog‘ini tushuna olgan ayollardan:
- Turmush o‘rtog‘im ilmiy ish bilan bog‘liq safarlarda ko‘p bo‘lardi, – deydi onaxon. – Shunda ba’zan farzandlarimiz shamollab, isitmalab qolgan vaqtlar, otasini sog‘inib injiqlik qilgan kezlar bo‘lardi. Shu vaziyatda qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol bilan qiziqqan paytlarida ham, xayollari buzilmay ilmiy ishlarini tezroq yakunlab olsinlar, deya ko‘pincha uydagi ahvolni sezdirmay, hammasi joyida, ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin, derdim. Oilasidan doim ko‘ngli tinch bo‘lgan erkakning hamisha ishi yurishadi, agar u ijodkor yoki olim bo‘lsa, izlanishlarga imkoniyati oshadi. Bundan ham muhimi, erkak oila boshlig‘i hisoblansa-da, uning yonida suyanchig‘i, tushunadigan odami bo‘lsagina o‘sha oilaning poydevori mustahkam bo‘ladi.
- Mening fan doktori, professor darajasiga yetishishim, o‘z soham bo‘yicha talabalar uchun darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratib, e’tibor qozonishimda turmush o‘rtog‘imning xizmatlari, mehr-muhabbati beqiyosdir, – deydi Davlat ota Qo‘ldoshev rafiqasi haqida so‘z borganda. – Oila boshlig‘i yoki uning bekasi o‘ziga ko‘rsatilayotgan hurmat-izzatni qadrlashida ham hikmat ko‘p. o‘zimga keladigan bo‘lsam, turmush o‘rtog‘imning mehribonligi, kuyunchakligi, fidoyiligiga hamisha mehr bilan javob qaytarishga harakat qilaman.
Kenjaxon aya:
- Bir kuni ovqat qilmoqchi bo‘ldim, ammo uyda hech narsa yo‘q. Hatto ovqat qilishga ham. U cho‘ntakni qarayman, bu cho‘ntaklarni qarayman. Uydagi mavjud kiyim-kechaklarni kovlab chiqdim. Axiyri, 10 tiyin topdim. O‘shanda 10 tiyinga bitta buxanka non berardi. Do‘konga chiqdimda bitta buxanka olib kelib, dasturxonga o‘rab ishga ketdim. Turmush o‘rtog‘im ishdan kelganda, och o‘tirmasinlar dedim, nimadir qilishim kerak edi-da.
Davlat ota:
- Yangi oila qurganimizda, 2 ta ko‘rpa-to‘shak, 2 ta piyola, 2 ta qoshiqdan boshqa deyarli hech narsamiz bo‘lmagan. Bir kuni uyimizga uzoqdan mehmonlar keldi. Bir kecha yotaylik, degan mehmonlarga yo‘q deb bo‘larmidi?! Ammo 2 ta yostiq, 2 ta ko‘rpa-to‘shagimiz bor xolos. Kelgan mehmonlarga sir boy bermay, shularni to‘shab berdik. Uy zax. rafiqamni ustiga to‘nimni tashlab, o‘zim yerda tong ottirgan kunlarimiz ham bo‘lgan. Allohga shukr, u kunlarning sinovidan o‘ta oldik, halol mehnatimiz bilan bugun hamma narsaga erishdik.
“Erni er qiladigan ham xotin, qaro yer qiladigan ham xotin” maqoli ularning oilasida o‘z aksini topgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi: Professor Davlat ota Qo‘ldoshevning ulkan yutuqlarga erishishida, shu darajaga chiqishida turmush o‘rtog‘ining qo‘llab quvvatlashlariyu, sabr-bardoshi, kuyunchakligi katta rol o‘ynaydi. Arzirli qiyinchiliklarga duch kelishsa-da, oila mustahkamligini saqlay olgan, sabr ila yenga olgan Davlat ota va Kenja ayalarning turmushlaridan o‘rnak olsa arziydi.
Bugungi kunda turmush ostonasidagi yoshlarga ota-onalar hamma narsani – uydan tortib, mebel, sarpo-suruqqacha tap-tayyor qilib berishga harakat qilishadi. Barcha sharoitlar mujassam bo‘lishiga qaramay, ming afsuski, arzimagan vajlar oqibatida ba’zi yoshlar osongina ajralib ham ketishmoqda. Buni xalqimiz “to‘qlikka sho‘xlik” deb izohlaydi. Tayyoriga ayyor bo‘lmay, “nol”dan boshlab o‘zlari mehnat qilib, oila to‘kisligiga harakat qilganlarida edi, “oila” so‘zining ma’no-mazmunini anglagan, uni qadriga yetib, bosiqlik bilan qarorlar qabul qilishgan bo‘larmidi… Hamma narsaning yetarli bo‘lishi ham chinakam baxtga erishishga kafolat bo‘la olmaydi.
- Bilasizmi, qizim, oila mustahkamligining bosh omili faqat sabr-qanoatli bo‘lishdadir, – deydi onaxon. – Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asaridagi bir qimmatli fikrga e’tibor bering-a: urug‘ni qara, oldin uning hammayog‘i loyga, changga belanadi. So‘ng u yerga qadalgach, qattiq yerni yorib, qiyinchiliklarga sabr-toqat bilan chidab, yuzaga chiqadi. U zabardast daraxt bo‘ladi, meva tugadi, qanchadan qancha odamlarning hojatini chiqaradi. Har qanday ishning, har qanday yutuqning qiyinchiligi bo‘ladi. Unga sabr-toqat qilgan odamgina rohat-farog‘atini ko‘radi.
P.S. Ochig‘i, Kenjaxon ayaning metin irodasiga qoyil qoldim. Bilasizmi, butun hayotlarini (ba’zan ko‘zlarida yosh bilan) gapirib berayotganlarida men o‘zimni ularning o‘rniga qo‘yishga harakat qilib ko‘rdim. Qo‘yib ko‘rdimu, bunday sinovlarga dosh berishimga ikkilanib qoldim. Ochig‘i, qo‘rqib ketdim. Bu suhbat men uchun katta dars bo‘ldi. Axir, hayot bir tekis emas. Xoh ayol, xoh erkak bo‘laylik, bizni hali oldinda ne-ne sinovlar kutib turibdi eh-heye…