Oshxona

Tvorogdan dasturxoningiz uchun 4 xil retsept

1. Obakidandonlar

Zarur masalliqlar: 350 gr. tvorog, 50 gr. yong‘oq, 150 gr. maydalangan pechene, shakar, shokolad, bir chimdim vanilin.

Tayyorlanishi:

Tvorogni blenderda mayinlashtirib oling. Shakar, vanilin, maydalangan pechene va yong‘oqni solib yaxshilab aralashtiring. Tayyor qorishmadan kichkina sharchalar yasab olib, suv bug‘ida eritilgan shokoladga botirib oling. 1 soat davomida muzlatgichda turganidan keyin dasturxonga tortsangiz bo‘ladi.

2. Panna-kotta

Zarur masalliqlar: 400 gr. tvorog, 300 gr. smetana, 200 gr. sut, 15 gr. jelatin, qand upasi.

Tayyorlanishi:

Jelatinga qaynagan suv quyib, iving. Blender yordamida sut va tvorogni aralashtiring. Jelatinni tvorogga qo‘shib, yana blenderda aralashtiring. Keyin qand upasini qo‘shib, oxirgi marta blenderga murojaat qilasiz. Tayyor massani keks qoliplariga solib, muzlatgichga 25–40 daqiqaga qo‘ying. Reza mevalar bilan bezab, dasturxonga torting.

3. Chuchvaralar

Zarur masalliqlar: 400 gr. quruq tvorog, 1 osh qoshiq shakar, 2 dona tuxum, 1 stakan un, bir chimdim tuz.

Tayyorlanishi:

Avvaldan qozonda suvni qaynatib qo‘ying. Tvorog, tuxum, shakar va unning yarmini aralashtirib xamir tayyorlang. Stolga qolgan unni sepib, tvorogli xamirni eµtiyotkorlik bilan o‘rtacha qalinlikdagi rulet shaklga keltiring. O‘ramdan kichik-kichik bo‘laklarni kesib oling-da, qaynayotgan suvga soling. 3–5 daqiqada tayyor bo‘ladi. Smetana yoki murabbo bilan yesangiz, mazasi og‘zingizda qoladi.

4. Keks

Zarur masalliqlar: 200 gr. tvorog, 2 osh qoshiq smetana, 2 dona tuxum, 2 osh qoshiq sariyog‘, 1 stakan un, 1 stakan shakar, 0,5 choy qoshiq iste’mol sodasi.

Tayyorlanishi:

Tvorog, tuxum, smetana va yumshatilgan sariyog‘ni atalab oling. Boshqa idishda esa un, shakar va iste’mol sodasini aralashtirasiz. Suyuq va quyuq qorishmalarni birlashtiring. Keks qolipiga solib, 180 darajada qizdirilgan gaz pechida 35-45 daqiqa pishirib oling.

Manba: Darakchi.uz