Bu pishiriqni tayyorlash juda oson va arzon. Keksning juda yumshoqligi va qaymoqli-tvorogli mazasi albatta sizga yoqadi degan umiddamiz.
Masalliqlar:
- yog‘li tvorog — 270 g
- margarin — 150 g
- shakar — 250 g
- tuxum — 3 ta
- vanilin — 1 g
- cho‘pidan tozalangan mayiz — 100 g
- yumshatuvchi (razrixlitel) — 1 paket
- un — 300 g
Yumshatilgan margarinni shakar va vanilin bilan birgalikda bir xil holatga kelguncha aralashtiramiz. Keyin yumshoq tvorogni qo‘shamiz va yana yaxshilab aralashtiramiz.
Aralashmaga tuxumni qo‘shamiz va krem holatiga kelguncha aralashtiramiz.
Massa ustidan yumshatuvchi aralashtirilgan unni sepamiz, unning ustidan esa yuvib quritilgan mayizni solamiz. Ularning hammasini qoshiq bilan shoshilmasdan aralashtiramiz.
Tayyor bo‘lgan xamirni keks uchun formaga joylashtiramiz. Agar sizdagi forma silikondan qilingan bo‘lsa uni yog‘lash kerak emas. Agar oddiy forma bo‘lsa uni margarin bilan yog‘laymiz va un sepamiz. Pishirish vaqtida xamir yaxshi ko‘tariladi, shuning uchun formaning 2/3 qismini to‘ldirsangiz yetarli bo‘ladi.
Keksni oldindan 165—170 darajagacha qizdirilgan duxovkada bir soatga yaqin pishiramiz. Tayyor bo‘lganini bilish uchun yog‘och cho‘pdan foydalanamiz. Agar keks pishgan bo‘lsa, u quruq bo‘lib chiqadi. Keksni forma ichida iliq holga kelguncha saqlaymiz. Keyin uni olamiz va ustidan shakar kukuni sepamiz.
Yoqimli ishtaha!
Manba: Daryo.uz