XOTINIMGA FAQAT PULIM KeRAK
1-kadr. Dastlab hammasi yaxshi edi.Biznesim rivojlanayotgan vaqtida ayolim meni har tomonlama qo‘llab quvvatlardi. Oilamizda pul bilan bog‘liq muammo deyarli bo‘lmagan. Rafiqam uyda o‘tirsada, bozorning eng oldi kiyimlarini kiyar, tilla buyumlarni ham istaganicha olib berardim. Unga qiynalmasin deb uy xizmatchisi ham yollagandim. Nazarimda biz umrimizning oxirigacha baxtli yashashimiz kerak edi.
Lekin kutilmaganda ishlarim orqaga ketdi.Biznes xuddi o‘yinga o‘xshaydi. Bir kun yutqazasiz, bir kun yutasiz. Oilamiz uchun sinovli kunlar boshlangandi. Endi har bir so‘mimni o‘ylab ishlatishimga to‘g‘ri keldi. Uy xizmatchisini ishdan bo‘shatdim. Hamma xarajatlarni qisqartirdim.
Har doim issiq ovqat yeyolmaysiz deb menga hammadan oldin ovqat suzib qo‘yadigan xotinim darrov o‘zgardi.U kechki ovqat qildingmi desam ko‘chada ovqatlanib kela qoling deydigan, gapirsam jerkib tashlaydigan bo‘lib qoldi. Ilgari boshqa ayollar ikkita kartoshka bitta sabzidan nima ovqat qilishim mumkin deb o‘y surganida meniki qaysi restoranda nima yeyishni muhokama qilayotgan bo‘lardi. Essiz, eng alam qilgani u mening ishlarim yana yurishib ketishiga umuman ishonmadi. Meni omadsizlikda, noshudlikda ochiqdan ochiq ayblar, bolalarning ko‘z oldida kamsitib mazza qilardi.
Demak, u shuncha yillardan beri mening pulim uchungina yaxshi xotin rolini o‘ynagan ekanda. Afsus, mening ko‘zim kech ochildi. Endi ishlarim orqaga ketganidan keyingina u ortiq men bilan yasholmasligini aytyapti. Hamma narsadan, ayniqsa ayollardan ko‘nglim qolib ketdi. O‘z juftini qiyin holatda tashlab ketishga uyalmagan bu ayolning asl yuzini nega ilgariroq bilmadim degan savol menga tinchlik bermayapti. Vaqti soati kelib ishlarim yana rivojlanganida aminmanki u yana qaytib keladi. Lekin singan ko‘ngilni yamab bo‘larmikan?
ISh OILADAN AZIZMI?
2-kadr.Xo‘jayinim faqat ishini o‘ylaydi. Uyga kelib ham xonasiga kirib ketib ishlaydi. Ba’zan unga qarab turib butun hayotini ishga bag‘ishlagan deb o‘ylayman. Uning uchun bayram ham, dam olish kuni ham yo‘q. Doim ish, ish, ish. Bolalar shovqini yoqmaydi, oilaviy tadbirlarga vaqti yo‘q. Men sizlar uchun, farzandlarimning kelajagi uchun harakat qilyapman, ko‘proq ishlasam ko‘proq pul topaman - uning har doimgi izohi shu.
To‘g‘ri, oilani ta’minlaydi, yeb ichishdan, kiyim boshdan kamchiligimiz yo‘q. Lekin bolalar otasini ba’zan ikki uch kunlab ko‘rmay qoladi. Ha, sen borsanku, ikkalamizning o‘rnimizga qarayver - u farzandlariga vaqt ajratolmayotganiga oddiy holat deb qaraydi. Uning ko‘p ishlashiga o‘rgangan o‘g‘lim bir kuni otasi ishdan ertaroq kelsa dada bugun biznikida qolasizmi deb so‘raganida kulib yubordim. Kulishga kuldimu aslida yig‘lagim keldi.
Nazarimda erim ishini bizdan ham ko‘proq yaxshi ko‘radi. Men esa uning oilaga ham vaqt ajratishini, oila davrasida ko‘proq vaqt birga bo‘lishini istayman.
ER ER O‘RNIDA, AYoL AYoL O‘RNIDA BO‘LSIN EKAN
3-kadr. Turmushga chiqqunimcha umrimda uyga bozorlik qilmaganman. Juda zamonaviy, tirnoqlari bo‘yalgan, pardoz andozni o‘rniga qo‘yadigan qiz edim.
Men kelin bo‘lib tushgan xonadonda esa oila tashvishi asosan ayollar zimmasida ekan.Boshimga tushgach, katta katta og‘ir xaltalarda ro‘zg‘or uchun bozor ham qildim. Farzandli bo‘lgach ayniqsa oilada moddiy yetishmovchilik bo‘laverdi.Bolamni bog‘chaga bergach ishga ham tushdim.
Ammo baribir iqtisodiy qiyinchiliklar o‘z hukmini o‘tkazar, men yana pul topish haqida o‘ylardim. Turmush o‘rtog‘imga siz ham harakat qiling desam, men faqat oylik olaman, boshqa ish qilishni bilmasam nima qilay deb yelka qisib turaveradi. Tanish bilishlar orqali yaxshi oylik to‘lanadigan tungi navbatchilikdagi ishga ham kirdim. Kunduzi ishlayman, bolalarni bog‘chadan uyga olib borgach, kechki ovqat qilib keyin navbatchilikka ketaman. Ham kunduzi, ham kechasi ishlaganim uchun holdan toysamda, ro‘zg‘orim kamini to‘ldirayotganimdan xursand edim. Ikkita joyda ishlayman, uy ishlari, ro‘zg‘or yumushlarining hammasi mening bo‘ynimda. Xo‘jayinim esa bittagina joyda ishlaydi, ishdan erta qaytsada uyda televizor ko‘rib o‘tiraveradi.
Bora bora doim shoshilish, ikkita ishning mas’uliyatiyu, yugur yugurdan charchadim. Erim esa men topgan pullarni uyalmay ishlataveradi. Hali do‘stlari bilan choyxonaga borgan, hali mahallada tanishlari bilan ulfatchilik qilgan. Men esa bir so‘mni ikki so‘m qilish uchun ishlayveraman. Xo‘jayinim uchun naqd xazinaning o‘zi bo‘lsamda, u tilla baliqqa ko‘rsatiladigan iltifotni ham ko‘rsatolmadi. U tayyoriga ayyor bo‘lib qolgandi.
Men oila tashvishini o‘z bo‘ynimga olib xato qilganimni tushunayapman, lekin endi kech.Turmush o‘rtog‘imning meni qiynalib topgan pullarimni bemalol sovurishini ko‘rib undan shunaqangi nafratlanib ketamanki. Qarasam, o‘zimni o‘zim bemalol ta’minlay olayapman. Bunaqa xotini hisobiga yashaydigan er bilan yashagandan ko‘ra ajrashganim ma’qulmikan? Boshim qotib qoldi.
Oila, ish, pul. Deyarli hammamiz mana shu uchlik atrofida yashaymiz.