Salomatlik

Umurtqamiz uchun 5 mashq

Umurtqadagi og‘riq va kayfiyatsizlik, buni qarangki, bir-biriga bog‘liq ekan. Muammolardan berkinadigan kishilar ko‘pincha ushbu holatga duch kelishadi. Nega deysizmi? Ruhiyatdagi salbiy o‘zgarishlar qon tomirlarining tonusiga ta’sir etib, umumiy qon aylanishini o‘zgartiradi. Bu esa nafaqat umurtqada balki, qo‘l va oyoqlarda ham og‘riqni keltirib chiqaradi.

1. Har kuni 8-10 daqiqa umurtqani to‘g‘ri tutish mashqini bajaring. Buning uchun devorga suyanish lozim. Shunchaki suyanmang, balki umurtqa suyagini to‘g‘ri tutib, yelkalarni tekislang. Boshni pastga engashtiring. Yelkangiz devorga tegib tursin. Belgilangan vaqt davomida tanangiz shu holatni eslab qoladi. So‘ng gavdani tik tutib turishga o‘rganadi.

2. Oyoqlarni chalishtirmang. Oyoqlarni bir-biriga chalishtirib o‘tirish, umurtqaning pastki pog‘onasiga og‘riq berib, qon aylanishini buzadi. Muntazam bu holatda o‘tirish, kichik tos sohasi yoki jinsiy a’zolarda turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

3. Kursiga o‘tirayotganda asta harakat qilish lozim. Keskin ravishda gavdani kursiga tashlash umurtqa suyagi kemirchagi diskiga zarar keltiradi.

4. Biror ish yuzasidan uzoq vaqt tik oyoqda turib qolishga to‘g‘ri kelsa, har 15 daqiqada oyoqlar holatini o‘zgartiring. Masalan, bir oyoqqa suyanib turganingizda, 15 daqiqadan keyin gavda og‘irligini ikkinchi oyoqqa tashlang. Shunda umurtqani bir hilda ushlab turolasiz. Joyingizda turib yurishingiz mumkin. Bu oyoq mushaklari va umurtqa uchun foydali.

5. Hatto 2-3 kilogramm yukni ko‘tarsangiz ham imkon qadar og‘irlikni teng taqsimlashga harakat qiling. Ikkala qo‘lingizda g‘am bir xil og‘irlikdagi yuk bo‘lsin. Agar og‘irlik bir tarafga tushib qolsa, umurtqa suyagida qiyshayish yuz berishi mumkin.

Manba: Darakchi.uz