Madaniyat

Urfdagi "Make-up"ning 5 oltin qoidasi

Moda juda injiq narsa. Aksiga olib faqat kiyim kechaklarga emas, pardoz-andozga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Axir obrazingiz to‘kis bo‘lishi uchun zamon bilan ham hisoblashishga to‘g‘ri keladi-da. Xo‘sh 2018 yilda qanday pardoz ommalashadi? Bu haqda stilist Nasiba NURMATOVAdan bilib olamiz.

Xayr, konturing

Yil davomida pardoz-andozni joyiga qo‘yib, Kuloyimdan qirolichaga aylangan «go‘zal»lar sizni ham hayratga solganmidi? Yodingizda bo‘lsa, pardozda yuzga to‘q va och rangli vositalarni surtib, uni kichikroq yoki cho‘zinchoqroq ko‘rsatish urf bo‘lgandi. Biroq tez ommalashgan narsa, tez nazardan qoladi deyishgani rost ko‘rinadi. Demak, 2018 yilda yuzingizga uch qavat–qavat tonal krem surtishga majbur bo‘lmaysiz. Chunki urfda tabiiylik! Terini tabiiy ko‘rsatishda esa glitter (mayda dekorativ zar) yoki jilolanuvchi yog‘upalar yordam beradi.

Uzun kipriklar

Do‘kon rastalaridagi hajm beruvchi tushlar sotilib ketmasidan xarid qilishga ulgurib qoling. Bu yil qora tushdan zerikkanlarning omadi chopdi. Urfda ko‘k va jigarranglari bo‘lishi kutilmoqda. Bayramu tadbirlarda esa, albatta, ulama kipriklar yordamiga murojaat qiling. Bundan tashqari, hech ikkilanmay sovuq rangli tenlardan foydalanib ko‘rsangiz ham bo‘ladi. Masalan pushti, shaftoli rang, binafsharang har qanday ayolning ko‘rkiga ko‘r qo‘shishga qodir.

Lablar

Bu alohida mavzu. Shu kungacha lab bo‘yog‘ining jilolanmaydigan turidan xarid qiling, deya maslahat bergan jahon stilistlari, endi labni kattaroq ko‘rsatuvchi jilolanuvchi turlariga e’tibor qaratishni ta’kidlashmoqda. Ayniqsa, qizil va uning barcha tuslari o‘ziga munosib e’tiborga sazavor bo‘lishi kutilmoqda. Tajriba o‘tkazishdan qo‘rqmaydigan xonimlar esa olcharang va to‘q qizildan ham foydalanishlari mumkin. Obraziga yangilik kiritishga shoshilmaydigan xonimlar pushti bo‘yoqlarni sinab ko‘rishlari tavsiya etiladi.

Qoshlar

Garchi bir necha yildan buyon qalin qoshlar aktualligini yo‘qotmayotgan bo‘lsa-da, tabiiy bo‘lishi kerak ekan deb, ularni o‘z holicha tashlab qo‘ymang. Agar shaklini o‘zgartirgingiz kelmasa, shunchaki, atrofidagi ortiqchalarini terib, chiroyli ko‘rinishga keltiring. Qalam yoki qiya kesilgan chyotka bilan bo‘yaganda qo‘lingizni yuqoridan pastga qarab harakatlantirsangiz yanada tabiiy ko‘rinish hosil bo‘ladi.

Qovoqlar

Shu kungacha pastki kipriklarning asosini to‘q qora qalam bilan bo‘yab kelgan bo‘lsangiz, endi bunday qilmang. Juda o‘rganib qolganingizni bilamiz. Yaxshisi, pastki qovoqning teng o‘rtasini belgilab, tashqi tomonga biroz qalam yurgizsangiz, kifoya. Faqat qalamingiz bilinar-bilinmas bo‘lgani afzal. Ustki qovoqlarga tortiladigan chiziqlarni esa qalinroq bo‘yashni mashq qilishni boshlayvering.

Manba: Darakchi.uz