Oshxona

Uvalanadigan pechene pishiramiz

Ko‘pchiligimiz bolalikda uvalanadigan xamirni go‘sht qiymalagichdan chiqarib, atirgul yasab, pechene pishirganmiz. Bugun ana shu uvalanadigan pechene retseptini unutganlar uchun taqdim etamiz.

Zarur masalliqlar:

  • 3 ta tuxum
  • 150 g margarin
  • 200 g shakar
  • 1 choy qoshiq razrixlitel
  • 500 g un
  • yuziga sepish uchun shakar upasi

Tayyorlanishi:

Idishga xona haroratida yumshagan 150 g margarin va 200 g shakarni solib, mikser yordamida aralashtiramiz.

Unga 3 ta tuxumni qo‘shib, aralashtirishda davom etamiz.

Silliq massa hosil bo‘lgach, 500 g un va 1 choy qoshiq razrixlitelni asta-sekinlik bilan qo‘shib, qattiqqina, qo‘lga yopishmaydigan xamir qoramiz.

Tayyor xamirni yirik teshikli go‘sht qiymalagichdan o‘tkazamiz (pichog‘ini olib tashlab) yoki qo‘lda ilonchalar yasaymiz. Bitta pechene uchun bir xil uzunlikdagi uchta xamircha yetarli bo‘ladi.

Ilonchalarni avval eshib, so‘ng atirgul ko‘rinishida o‘raymiz. Umuman, pecheneni o‘zingiz istagan shaklda yasashingiz mumkin.

Pechenelarni listga terib, 180 darajagacha qizdirilgan duxovkada 15—20 daqiqa davomida pishiramiz.

Pechenelar pishib chiqqach, yuziga shakar upasi sepamiz. Gulli pechene tayyor, yoqimli ishtaha!

Manba: Daryo.uz