Madaniyat

Uyda o‘zimiz qosh terishni o‘rganamiz

Qoshni salonda terdirish — qimmat bo‘lmagan va ko‘p vaqt olmaydigan jarayon. Biroq ko‘p hollarda stilist yoki sartarosh qoshlaringizga siz istagan shaklni bera olmasligi mumkin. Shunday holatlarga yo‘liqmaslik uchun qosh terish mahoratini o‘zingiz o‘zlashtirishingiz kerak bo‘ladi.

Birinchi navbatda qoshingiz shaklini aniqlashtirib oling.

  • Dumaloq yuzlarga qayrilma, uchi ingichkalashib, tepaga ko‘tarilgan qosh yarashadi.
  • Yuzingiz to‘rtburchak shaklida bo‘lsa, unda keskin qayrilmagan, balki yoysifat ko‘rinishdagi, qalin va uzun qosh mos tushadi.
  • Uchburchak yuzlilar — peshonasi keng va iyagi ingichkalarga asosan qoshning uchini pastga tushirmaslik tavsiya etiladi.
  • Oval shaklidagi yuzlarga esa qoshni har qanday ko‘rinishda terish yarashaveradi.

Qoshni terishda eng asosiy qoida shuki, faqat qosh ostidagi tuklarni olib tashlash mumkin. Qosh tepasidagi sochchalarga tegmagan ma’qul. Bundan tashqari, qoshni juda ingichkalashtirib yubormang — qosh qalinligi asosdan qayrilgan joygacha deyarli bir xil bo‘lishi, faqat uch qismidagina biroz ingichkalashishi mumkin.

Qosh terishda og‘riqni kamaytirish uchun, ish boshida yuzga bir daqiqaga issiq sochiq qo‘yib olish mumkin. Ish joyi yaxshi yoritilgan bo‘lishi kerak, shuningdek, katta ko‘zgudan tashqari, kattalashtirib ko‘rsatuvchi ko‘zgucha ham kerak bo‘ladi.

Qoshning boshi, qayrilgan joyi va uchiga uchta nuqtacha qo‘yib chiqing. Mana shu sxema bo‘yicha yuzingiz shakliga qarab, qoshlar qalinligini to‘g‘rilang. Ta’kidlash joiz, hozirda qalin va tabiiy qosh urfda.

Qoshni terib bo‘lgach, unga qalam yordamida biroz shakl berish mumkin, biroz bunga juda qiziqib ham ketmang, aks holda qoshlaringiz tabiiy ko‘rinishini yo‘qotadi. Qalamni maksimal darajada o‘tkirlab, qoshingizning tabiiy yo‘nalishi bo‘ylab bir nechta chiziqlar tushiring, so‘ng cho‘tkacha yordamida ushbu chiziqlar yoyib, tekislab yuboring.

Manba: Daryo.uz