AQShning Ogayo universiteti olimlari sichqonlarda o‘tkazilgan bir qator tajribalar davomida uzoq davom etuvchi stress va fazoviy xotiraning yomonlashishi o‘rtasida yaqindan o‘zaro bog‘liqlik borligini aniqlashdi.
Tadqiqot rahbari Jonatan Godbuning tushuntirishicha, olimlar tajribada sinalgan sichqonlarni avval ular chiqishni topishlari kerak bo‘lgan labirintga joylashtirishgan. Sichqonlar yo‘nalishni eslab qolib bu vazifani bir necha bor bajara olganlaridan keyin ularni stress holatiga duchor qilganlar: ularning yoniga yirikroq va tajovuzroq alfa-erkak sichqon qo‘yilgan.
Olimlar sichqonlarda kattaroq begona sichqon bilan to‘qnashish oqibatida stress darajasi oshgani, ular talmovsirab qolishgani, labirintdan chiqish yo‘nalishini eslay olishmagani, chiqish teshigining joylashgan o‘rnini topa olishmaganini aniqlashgan. Tajovuzkor sichqonning ta’siriga uchramagan sichqonlar esa chiqishni topishda xatoga yo‘l qo‘ymagan.
Tadqiqotchilar fazoviy xotiraning yomonlashishi bosh miyadagi muayyan o‘zgarishlar bilan kechishini aniqladilar. Olimlar tomonidan topilgan makrofaglar – immun himoya hujayralari immun tizimining uzoq davom etuvchi stress omiliga javobi bilan chaqirilgan yallig‘lanishga reaksiya belgisi bo‘lishi mumkin. Olimlarning aytishicha, sichqonlardagi bu chetlashish 28 kun ichida yo‘qolgan. Yallig‘lanishga qarshi dorilar sichqonlarda stressdan keyingi depressiyaning paydo bo‘lishi vaqtiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan, biroq davolash evaziga xotiraning tezroq yaxshilanishiga erishilgan.
Tadqiqotning bu natijalari olimlarni stress omili oqibatida xotirada muammolar paydo bo‘lishi aynan immun tizimining stressga javobi bilan bog‘langanligiga iqror qildi.
Olimlarning fikricha, ularning bu yo‘nalishdagi keyingi ilmiy ishlari nafaqat stress va u bilan kechuvchi jarayonlar, balki har kungi hayoti xavotir, depressiya va boshqa hissiy buzilishlar bilan bog‘langan odamlar uchun strategiyani ishlab chiqishga yordam beradi.