Agar sizni tez-tez bosh og‘rig‘i, ko‘z tinishi va umumiy holsizlanish bezovta qilayotgan bo‘lsa, vaqtni o‘tkazmay, shifokor huzuriga boring. Chunki bu migren alomatlari bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, migren qanday xastalik? Uning oldini olish, asoratlarini bartaraf etish, umuman, davolash uchun nima qilish kerak? Shular haqida batafsil so‘z yuritamiz.
Bosh qattiq og‘risa...
“Uzoq yillardan buyon kuchli bosh og‘rig‘i tinchlik bermasdi. Bu azob bilan o‘n ikki yoshimdan buyon kurashaman. Birinchi marta onam bilan uzoq safarga ketayotganimizda, poyezdda kuchli og‘riq bezovta qilgandi. Onam shosha-pisha dori izlab, menga qanday yordam berishni bilmay qolganida biz bilan birga ketayotgan ayol osongina “tashxis” qo‘ydi: “Bu — migren, tezda og‘riq qoldiruvchi dori berib, issiq choy damlang, derazalarni oching, toza havo kirsin!”
Dilrabo Hayitova, Surxondaryo viloyati.
Ming bir sabab
Ha, bosh og‘rig‘i barchamizga tanish dard. Yer yuzida uning 130 dan ziyod turlari tarqalgan. Migren ular ichida eng sirlisi bo‘lsa, ajab emas. Na tomografiya tahlilida, na ensefalogrammada aniqlab bo‘ladigan bu dardga chalingan bemorlarning bosh og‘rig‘i sababini bilish anchagina qiyin. Ustiga-ustak, xastalik xurujining sabablarini sanab, adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Asabiylashish yoki bir joyda uzoq o‘tirib qolish, to‘yib uxlamaslik yoxud kech uyg‘onish, ko‘p ovqat yeb qo‘yish, ochiqish... Ayniqsa, ob-havo o‘zgarishlari — yomg‘ir, qor, bulut, xullas, tabiatning barcha injiqliklaridan avval darrov “xabar” keladi.
Hatto tibbiyot ham ojiz
Migren xastaligining asl sababini zamonaviy tibbiyot hali aniqlaganicha yo‘q. Kimdir ushbu kasallikka shokolad, pishloq, choy, qahva, sitrus mevalari sabab bo‘ladi, desa, boshqa birov doimiy asabiylashish yoki genetik moyillikni vaj qilib ko‘rsatadi. Yana bir taxminga ko‘ra, organizmdagi gormonal o‘zgarishlar ham xurujga sabab bo‘lar ekan. Shuning uchun hayz kunlari arafasida ko‘pchilik ayollarni bosh og‘rig‘i bezovta qiladi.
Migren va hayot
“Mening bosh og‘rig‘imga, asosan, kasbim sabab bo‘lar edi. Qattiq charchaganimdan bo‘lsa kerak, og‘riq qoldiruvchi dorilar ham ta’sir qilmayapti, deb “Tez yordam” chaqirar, shifokor tomirimga tinchlantiruvchi dori yuborgach, biroz o‘zimga kelardim. Ammo ertasiga yana shu ahvol...
Bu darddan nihoyatda charchagach, salomatligim haqida qayg‘ura boshladim. Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng qon bosimim pastligidan boshqa biror xastalik belgisi aniqlanmadi. Nevropatolog esa kasbimni o‘zgartirib (maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlardim), tez-tez sayrga chiqishim, to‘laqonli dam olishim kerakligini ta’kidladi. Ammo men sevimli ishimni tashlay olmasdim...”
Zarnigor YuSUPOVA, Namangan shahri.
Shifokor dalili
Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, yer yuzidagi aholining 3-16 foizi migren xastaligidan aziyat chekishi ma’lum bo‘ldi. Ushbu xastalik ayollarni erkaklarga nisbatan uch baravar ko‘proq bezovta qiladi. Ayollarning, asosan, 40 yoshdan keyin, erkaklarning esa 35 yoshda migrenga duchor bo‘lishlari aniqlangan. Avvallari shifokorlar 40 yoshdan keyin mazkur kasallik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi, deb ishontirishgan bo‘lsa, bugun bu fikr butkul o‘zgardi.
Izlagan imkon topar!
Zarnigor YuSUPOVA yo‘llagan maktubning davomi:
“... Oxir-oqibat ishimni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Shovqin-suronli maktabimni tashlab, muzeyga ishga joylashdim. Rost, ancha yengil tortdim. Doimiy ravishda fitnes bilan shug‘ullanganim bir muddat kasallikni unutishimga yordam berdi. Ammo ishimni sevmasdim, uni o‘zgartirgim kelaverardi. Xullas, endi meni migren va depressiya qiynay boshladi. Shifokor kerakli dori-darmonlarni tavsiya qildi. Tuzalishdan umidimni uzib, qolgan umrimni shu xastalik bilan o‘tkazishga o‘zimni ishontirib bo‘lgan bir paytimda muolajalar samara bera boshladi. Shifokorimning aytishicha, hozir shunday dori vositalari mavjudki, kasallikni o‘z vaqtida aniqlab, tezkor choralar ko‘rilsa, ular yordamida dardni butunlay yengish mumkin. Bunga o‘zim ham amin bo‘ldim.”
Tibbiy tahlillardan ma’lum bo‘lishicha...
Hisob-kitoblarga qaraganda, migrenga chalingan bemorlar qariyb ikki yil umrlarini xurujlarga dosh berib o‘tkazishar ekan. Demak, umrni zoye ketmazmay, kasallik alomatlari sezilishi bilan nevropatolog ko‘rigidan o‘tish, xastalikka harshi kurashish darkor. Unutmang, shifokorning ilk qabuliga alohida tayyorgarlik zarur. Ya’ni bemor qanday holatlarda xuruj boshlanishi, uning qancha muddatda takrorlanib turishi, umumiy holatdagi o‘zgarishlar haqida to‘liq ma’lumotlarni eslab, mutaxassisga anih va batafsil ma’lumot berishi lozim.
Og‘riqqa qarshi kurash
- Shifokor bilan birgalikda aynan nimalar bosh og‘rig‘ini keltirib chiqarayotganligini aniqlash zarur.
- Bugungi kunda og‘riqni butkul bartaraf eta oladigan maxsus dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Ularni og‘riq kuchaymasidan avval ichish darkor.
- Migrenga befarq bo‘lish yaramaydi. Aks holda o‘zingizni migrenoz insultga mubtalo qilishingiz mumkin.
Migren haqida 5 fakt
- Migren — fransuz tilidan “boshning yarmidagi og‘riq”, deb tarjima qilinadi. U o‘zgaruvchan kuchli og‘riq bilan kechadigan xastalik bo‘lib, odatda, to‘rt soatdan uch sutkaga qadar davom etishi mumkin. Garchi, kuchli og‘riqlar bilan kechsa-da, organizmga o‘ta zararli ta’siri kuzatilmagan.
- Bosh og‘rig‘idan xalos bo‘lish istagidagilarning ko‘pchiligi oddiy og‘riq qoldiruvchi vositalar, masalan, analgindan najot izlashadi. Ammo analgin bunday paytda yordam bera olmaydi. Boz ustiga uni ko‘p ichish zararli.
- Ayrim tadqiqotlarga ko‘ra ma’lum bo‘lishicha, migren mushaklarning haddan ziyod zo‘riqishi tufayli kelib chiqadi.
- Kosmetologiyada ajinlarning oldini olish maqsadida qo‘llanadigan botulotoksin (botoks, deb ham yuritiladi) muolajasi mushaklarni bo‘shashtirish xususiyatiga ega. Shu bois u bosh og‘rig‘idan xalos bo‘lishga yordam beradi.
- Migren xastaligidan aziyat chekuvchilar, odatda, depressiyadan ham qiynalishar ekan. Shuning uchun bemorlarga tarkibiga serotonin moddasi qo‘shilgan antidepressant vositalar ham tavsiya qilinadi.
Manba: Darakchi.uz