Ayol.uz

"Xonimlar kuni". Elif Shafaq kundaligidan

Inson bitta odamga bitta voqeani ming marta, har safar bir xil jumlalar bilan hikoya qilib berishi mumkinmi? Nahot shunday qilib boʻlsa?

Seni koʻrmay-bilmay sogʻinayotganimning nechanchidir kuni. Anqara- Istanbul orasidagi oʻtgan yozdan qolgan shamollar xonamning ochiq derazalaridan kiradi. Atrofda kitoblar, daftar va yana allaqanday qogʻozlar sochilib yotibdi. Men esa yozishdan toʻxtamayman. Narigi xonaga olib kiruvchi eshikdan gʻarib bir kulguning qoʻrgʻoshinday ogʻir saslari eshitiladi... Hech qanday maqsadsiz, orzu-umidlarsiz ayollarning qahqaxasi... Kulgu saslari tobora balandlaydi, toʻlqin-toʻlqin boʻlib xonamga yoyiladi. Narigi xonadagi ayollar bir vaqtning oʻzida ham kulib ham kimnidir qargʻashga, laʼnatlashga kuch topa olgani meni hayron qoldirardi. Yahlit bir suhbat ichida besh xil mavzu muhokama qilinadi. Dengizdan daryolarga tarqalayotgan suvlar kabi ajralgan mavzu oqimlari bir-biriga qorishib ketardi. Mening xayolimda esa faqat ishq dolgʻalanayotir. Tushunayapsanmi, ular shu yerda! Narigi xonada oʻtirishibdi. Hech narsadan bexabar gʻiybat oʻchogʻiga oʻtin qalashmoqda. Bugun honimlar kuni boʻlgani uchun kimdir ularni biznikidagi ziyofatga chaqirgan.Xolalar, onalar, buvilar tuz yigʻilgan tizzalariga titroq qoʻllarini qoʻygancha nimalarnidir vaysashadi. Ularning atrofida qaysidir qarindoshning oʻgʻlimi yo qizimi aylanadi. Eski gina-kuduratlarning badboʻy isi havoga yoyiladi.

Uy sohibining kech kelgan mehmonga qilgan ginasi, mehmonlarning bir-biridan qilgan oʻtmish ginasi... Bu ginalarning hidi anjir va dolchin tayoqchalari hidiga qoʻshilib  xonani toʻldirib yuborgandi. Ha, havoda yana mening sogʻinchimdan tarqalgan ismingdek latif bir is ham bor ediki, buni oʻsha amma-xolalar sezishga ojiz.

Oʻrnimdan turib tashqarilayman. Ikki qadam yursam senga, zinalar ostidagi mahfiy xonamga yetaman. Ammo.. men bu ayollarni tashlab keta olarmikanman? Ularsiz yashay oladi, deb oʻylaysanmi meni? Hay mayli...

Bu ayollarga aralashib ketolmayman, ammo uzoqlashish ham qoʻlimdan kelmaydi.

Kimsa bilmas bir hotirjamlik ila yerga choʻkaman. Tinglayman. Tinglarkan, seni eslay boshlayman...

Esingdami, har bir yangi kun eskisini takrorlayverar, biroq u nimasi bilandir oʻzining boshqalarga oʻxshamasligini bildirib qoʻyaverardi. Har bir lahzaning oʻziga hos ohangi bor edi. Narigi xonadagi ayollar hamyashaganmikan shunday kunlarni? Ular ham honimlar kunida men kabi kimnidir... kimdandir oʻzi-da bilmas nenidir kutganmikan? Ularning vaysashlarini koʻp eshitganman. Suhbatlasharkan, oʻsha amma-xolalar ming hil mavzuni oʻrtaga tashlaydilar. Men esa bu mavzular ichidan uchtagina harfli soʻz — Ishqni qidirardim. Ilinj bilan boqardim ularning yuzlariga. Hech bir yangi narsani sezmasdim. Bu yerda qay bir ayolni gʻiybat qilayotgan xolamni, aniq bilaman boshqa yerda boshqa xotinlar gʻiybat qilishyapti. Boya aytganimdek, bir odam ayni bir odamga bitta voqeani bir xil soʻzlar bilan ming martalab aytib berishi va bundan ming martalab zavq ola bilishi mumkinmi? Mumkin ekan. Ular bir-birlariga oʻn yil avval oʻlgan oʻgay togʻasining xotini kim bilan ketib qolgani-yu uch yil oldin ketib qaytmagan qoʻshnilari haqida hikoya qilaveradilar. Buni hatto men yodlab olganman. Birdan ichim toʻlib ketadi. Honimlar kunida ham shunday xotirjam boʻlish mumkinmi? Ularni yaxshi koʻraman, biroq yuragimning tub-tubida nafratmi, kuduratmi qandaydir mendan avval tugʻilgan sezim bor bu ayollarga nisbatan. Honimlar kunida yigʻilgan bu urugʻ-aymoqlar bir-birlariga nima uchun talpinishini bilarmikan?

Bola edim. Onam etagi bilan burnimni artib qoʻydi-yu ayollar orasiga qoʻyib yubordi. Men bir chekkada ularning gap-soʻzlarini, nigohidan taralyotgan allaqanday hidlarni va oʻzimning feruzarang jimligimni tomosha qilib oʻtirardim. Nima ham der edim ularning orasida? Oʻz oʻrnim boʻlmagan joyda oʻz soʻzim boʻlishi mumkinmi? Qimning qizi toʻrda, kimniki poygakda oʻtirganining menga nima farqi bor? Undan koʻra tinmay javrayotgan xolalarimning devorga tushgan soyasiga qarab, soyalar teatrida oʻtiribman, deb tasavvur qilib qoʻya qolsamchi? Ehtimol... ehtimol umrimning eng baxtlari damlari shu davralar ichra oʻtayotgandir? Mayli, nima boʻlganda ham meni doim aytilgan emas, balki aytilmagan soʻzlar koʻproq qiziqtirgan.

Axir koʻrmaysizmi, ular honimlar kunini nishonlashmayapti. Men uni bir billur sukunat bilan qarshi olmoqchi edim. Nima deysiz endi, narigi xonada bazm boʻlayotir. Ular baland pardalarda suhbatlashishardi. Bir-birlariga shu qadar ichkin nigoh bilan qarashardiki, bilmagan odam bu xotinlar bir-birlarini ilk dafʼa koʻrib turishipti, deb oʻylardi. Mayli, menga nima? Oʻzimni amma-xolalarimning soʻzlaridan taralayotgan islar oqimiga otaman. Suzib borarkanman, ichimda kimdir kun kelib sen ham shu befaxm xoinlardan biri boʻlasan, deyotgandek boʻlardi.

Oʻtirgan yerimdan turib ketaman. Ichkariga kirishni xayolimga ham keltirmayman. Koʻnglim hech nima tilamasdi. Hech narsa yozmoqchi ham emasman. Na oʻqish, na qayernidir timirskilash, na oʻylash, na yashash... na oʻlish... Hech narsani istamasdim. Ammo... axir bugun honimlar kuni-ku! zinalardan ilgarilayman. Kirganimni koʻrib xotinlar bir jim boʻladiyu, ichlarida salom ham bermaydi, befarosat degancha yana vaysashga tushib ketishadi. Xolam va qoʻshni ayolning orasiga tiqilaman. yana honimlar kuni haqida oʻylay boshlayman. Kimdir bir lagan shirinlik qoʻyadi oldimga. Yonimdagilarning gap xaltasi kattaroq ochilib, yuz martalab eshitganim Rafiqa honimning kechki sayrda erini begona ayol bilan qanday ushlab olgani haqidagi hikoya boshlanadi. Bu voqeani hali eshitmagan, davraga yangi kelgan kelinlar ham Rafiqa honim ammasining qiziday oraga luqma tashlab qoʻyadi. Men esa jimman. Faqat jim. Axir bugun honimlar kuniligini ular bilmasa, men aybdor emas-ku? Ogʻzimda yetilib pishgan anjirning taʼmini tuygancha ularni tinglab oʻtirishdan boshqa ilojim yoʻq. Men... doimgidek jimman.

Turk tilidan Mirzohid Muzaffar tarjimasi