Bilasizmi?

Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari: Zo‘ravonlik muammosi haqida ochiq gapirish vaqti keldi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar va qizlarga yordam berish uchun ishonch telefonini ishga tushirdi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, qo‘mita raisi Tanzila Norboyeva Facebook’dagi sahifasida xabar berdi, deb yozadi«Gazeta.uz».

«Zo‘ravonlik illati haqida uzoq vaqt mamlakatimizda hech nima deyilmadi va bugun bu to‘g‘risida ochiq gapirilmoqda. Odatda bizda ayollar bunday holatga duch kelgan taqdirda, hatto yaqinlariga ham aytishmaydi, qo‘rqishadi yoki istihola qilishadi. Ammo buni o‘zgartirish vaqti keldi», — dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi 1146 — yagona  telefon raqamlarini ishga tushirdi. «Ishonch telefon»lari zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar va qizlarga og‘ir vaziyatdan chiqishga yordam berib, ruhiy, huquqiy hamda tibbiy ko‘mak beradi. Va eng asosiysi, bunda ayolning xohishiga ko‘ra, uning shaxsi va murojaati sir saqlanadi.

Zarur hollarda, jabrdiyda ayollar respublikaning barcha hududlarida tashkil etilayotgan Ijtimoiy moslashuv markazlariga (shelterlarga) joylashtiriladi.

«Agar siz atrofingizdagi ana shunday ayollar taqdiridan xabardor bo‘lsangiz, befarq bo‘lmasligingizni so‘raymiz, bizga murojaat qiling va biz birgalikda muammoning yechimini topamiz!» — deya ta’kidladi Tanzila Norboyeva.

Uning eslatishicha, ushbu muammo bilan kurashishning huquqiy asosini yaratish maqsadida «Maishiy zo‘ravonlikning oldini olish haqidagi» Qonun loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda har uchinchi ayol (35%) hayoti davomida u yoki bu turdagi zo‘ravonlikka duch kelar ekan.