Avstraliyalik olimlar xurrak bilan aqli zaiflik o‘rtasida bog‘liqlik topdi, deb yozadi Darakchi.uz.
Kvinslend universiteti professori Elizabet Koulson boshchiligidagi olimlar guruhi bu borada tadqiqot olib bordi.
Ma’lum bo‘lishicha, apnoe kasalligi (uyqu vaqtida nafas olish muvozanati buzilishi va xurrak otish kabi alomatlari bor xastalik) organizmda kislorod yetishmovchiligini keltirib chiqaradi. Oqibatda boshmiyadagi diqqatni jamlovchi va zehnga javob beruvchi hujayralarning nobud bo‘lishiga olib keladi.
Apnoeni ilk bosqichdayoq davolash aqli zaiflikning ko‘p tarqalgan shakli - Alsgeymer kasalligining oldini olish imkonini beradi, deb hisoblamoqda ular.
Olimlar fikricha, agar apnoe o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, o‘n yil o‘tib inson aqli zaif bo‘lib qolishi aniq.
Chunki xurrak otish jarayonida o‘pkada havo aylanishini 10 soniyaga to‘xtab qoladi. Bu holat tez-tez takrorlanishi oqibatida esa bemorda lanjlik va doimiy charchoq hissi kuchayib boradi. Xotira ham zaiflashadi.
Endilikda Kvinslend universiteti olimlari tadqiqotni 55-75 yoshdagi kishilar o‘rtasida ham o‘tkazmoqchi. Maqsad - xurrak va aqli zaiflik o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada chuqurroq o‘rganish.