Yangi kelinning qo‘rquvlari ko‘p: «Xato qilib qo‘ymasmikanman? Eplab keta olarmikanman?Meni tushunisharmikan?» va hokazo. Lekin ko‘p narsa kelinlarimizning o‘ziga bog‘liq. Quyidagi maslahatlar ana shu o‘zingizga bog‘liq jihatlarni ko‘rsatish maqsadida keltirilmoqda.
Tilingizni shirin qiling
Bu har qanday kelinning oltin qoidasi. Chunki tilimizning bir tomiri suhbatdoshimizning yuragiga bog‘liq bo‘ladi. Til orqali bizning dilimiz, kafiyatimiz, yashirin hislarimiz yuzaga chiqadi. Yaxshi gap esa hech kimga ziyon keltirmagan. Shirintil kelin nima degani? Tili shirin kelin bu faqat yaxshi so‘zlarni gapiradigan kelin emas. Balki shu yaxshi so‘zlarni ochiq chehra bilan gapiradigan kelin. Yangi ro‘zg‘or, hali atrofdagilar bilan yaqin emassiz, ularning fe’lini, odatlarini bilmaysiz. Lekin chehrangiz ochiq va tilingiz shirin bo‘lsa, oiladagilar sizdan yaxshilik kuta boshlaydilar. Tabassum insonlarni bir-biriga ilitadigan vosita. «Xo‘p bo‘ladi» va «Kechiring» siz uchun odatiy so‘zlarga aylansiz. Albatta, har ikki gapning birida shu so‘zlarni qaytaravering demaymiz. Har so‘zning o‘z o‘rni bor. Lekin o‘rnini topib aytilgan so‘z ko‘p muammolarni hal qiladi. Shirin so‘z kelinlar uchun sehrli tayoqchadir. Biron ishingiz eringiz yoki qaynonangiz ko‘ngliga o‘tirmasa, tabassum bilan muloyim gapirib ularning ko‘nglini eritishingiz mumkin.
Chegarangizni biling va unga yaqinlashmang
Chegara – bu siz yetib borishingiz mumkin bo‘lgan chiziq, had, undan narisiga o‘tish mumkin emas. Lekin yangi kelinlar ana shu chegaraning o‘zida yoki unga juda yaqin yurishlari ham ma’qul emas. Masalan, sizga shim kiyishga ruxsat berishdi, ammo «shortik» kiyishga ruxsat yo‘q. Lekin siz «shortik» kiymasam bo‘ldi ekan-da deb, o‘qishga yoki ishga tor jinsi shimda ketishingiz to‘g‘ri bo‘lmaydi. Avvalo, klassik uslubdagi shimli kostyumlar kiyish yoki torroq shimlarni uzun tunikalar bilan uyg‘unlashtirish tavsiya etiladi. Bu bir misol, har bir oilada bunday chegaralar o‘ziga xos bo‘ladi. Ayrim onalarimiz, yangalarimiz «Avval boshdanoq o‘z hududingni belgilab ol, boshidan o‘z erkingni berib qo‘yma» deb o‘rgatishadi. Lekin biz bunday inqilobiy taktikani yoqlamaymiz. Birovning uyiga o‘z qoidalari bilan kirib borib hech kim baraka topgan emas. Hudud ham, haq ham asta-asta, vaziyatga qarab, ma’lum narsani qurbon qilish evaziga olinadi. «Men moshxo‘rdaga sabzi solaman, endi shunday moshxo‘rda ichasizlar» deb bo‘larmidi? Deganingiz bilan, nega siz emas, ular, ya’ni ko‘pchilik, odatlarini o‘zgartirishi kerak. «Ayollik» «ayyorlik»ka yaqin so‘z, yaxshi ma’noda ayyorlik qilish, ya’ni egiluvchanroq bo‘lish kerak. Siz odatlangan narsalarga bu uyda ruxsat yo‘qmi, demak yo u odatingizdan vaqtincha (balki butunlay) voz kechasiz, yo sizni shu odatingiz bilan ham qabul qilishadigan darajaga ko‘tarilasiz, ya’ni shu qadar qadrli va sevimli bo‘lishni eplaysiz.
Me’yorni unutmang
Ha, har narsada – erkalikda ham, tabassumda ham, hatto sevgini namoyon etishda ham me’yor kerak. Haddan ortiq kamgap bo‘lsangiz, oiladagilar bilan munosabat rishtalaringiz bog‘lanishi uzoq kechadi, haddan tashqari sergaplik bilan hammani o‘zingizdan to‘ydirasiz. O‘qishdan (ishdan) vaqtida qayting, erta qaytsangiz, nega erta kelganingiz, kech qolsangiz, nima sababdan ushlanib qolayotganingizni ma’lum qilib qo‘ying. Lekin «Oilam birinchi o‘rinda» deb o‘qishni tashlab yuborish yoki «Ishim muhimroq» deb ishxonada qosh qorayguncha qolib ketish yaxshi emas. Ish ham, oila ham o‘z o‘rnida, me’yorida bo‘lishi kerak.
Yaxshi gumonda bo‘ling
Qizlarimiz turmushga chiqqunlaricha balki o‘z uylarida, balki tanishlari, dugonalari hayotida oilaviy turmush, er-xotin, qaynona-kelin orasidagi munosabatlarni ko‘rganlar va ma’lum xulosalarga egalar. Lekin bu xulosalaringiz sizning butun ongingizni egallab, noto‘g‘ri amallar qilishingizga sabab bo‘lmasin. Hech qachon kelinlar yuz foiz haq bo‘lmaganlaridek, qaynonalar ham yuz foiz nohaq chiqmaydilar. Keyin opangizning qaynonasi – bu opangizning qaynonasi, sizniki tamoman boshqa odam. «Shu ayol meni tanlab o‘g‘liga olib berdi (yoki o‘g‘lining tanloviga ko‘ndi), oilasiga olib kirdi, u ham men kabi oilasining tinchini istaydi, menga qattiqqo‘llik qilsa-da mehr ham ko‘rsatadi» deb o‘ylang. Ya’ni qaynonangizga, eringizga va boshqa oila a’zolaringizga ishoning, ularga mehr qarz bering. Siz boshlang mehrni, oqibatni.
«Birinchi xato» imkoniyatidan foydalaning
Ha, har qanday holatda ham birinchi xato kechiriladi. Kelinlarimiz ko‘pincha uxlab qolishdan, qilgan ovqati o‘xshamasligidan, yuvgan kiri qaynonasiga yoqmasligidan, xullas, shunday maishiy holatlardan qo‘rqadilar. Bu esa aks ta’sir ko‘rsatadi, qo‘rqqanlaridan chindan ham xato qilib qo‘yadilar. Ovqat qilyapsiz, “Sho‘r qilib qo‘ysam a, o‘xshamasa-ya” degan xavotirlar miyangizga kelishi bilan darrov shu gapni eslang: «Bir marta sho‘r ovqat qilsam, kechirishadi, muhimi, qo‘rqib, hayajonlanib ovqatni buzib qo‘ymasam bo‘ldi». Ha, har ishda xotirjamlik va o‘zingizga ishonch kerak. Shu sababli birinchi xatodan qo‘rqmang. Lekin unutmang, xato birinchi marta qilinsa kechiriladi, takrorlanaversa, muammoga aylanadi. Ya’ni, masalan, har kuni peshingacha uxlash xato emas, odatdir.
Shoshmang, ammo ulguring
Shoshish – bu hovliqishdir. Hovliqqan odamning bilgan narsasi ham esdan chiqadi, ikir-chikirlarga e’tibor bermaydi, vaholanki, ular muhim ikir-chikirlar bo‘lishi mumkin, xullas, ishi o‘xshamaydi. Lekin chaqqon, tezkor bo‘lish kelinlar uchun juda muhim. Ovqati tez pishmasa, hovlini 2 soat supursa, 5 daqiqalik yo‘lni 25 daqiqada bosib o‘tsa, hech qachon qilgan ishi yuzaga chiqmaydi. Chunki natijani uzoq kutgan oila a’zolari buni unutishmaydi va kechirishmaydi. Demak, uddaburon bo‘lish kerak. Bo‘sh qoldingizmi, chuchvara tuging, do‘lma o‘rang, lag‘mon cho‘zing, somsaga xamir qiling va muzxonaga tiqib qo‘ying. Tezpishar mazali taomlardan ham alohida retsept daftaringiz bo‘lsin. Mayda qadam bilan tez-tez yuring, ko‘chada tanishlarga salom berib o‘tish kifoya, bir soat gaplashib turish shart emas. Axir, qo‘shnilar bekorga siz bilan gap sotishmaydi, ularga ma’lumot kerak, o‘zingiz, oilaviy sirlaringiz haqida. Nima qilasiz gap ko‘paytirib. Hovliga gulu rayhonlar ekib qo‘ysangiz, ham supuradigan joyingiz kamayadi, ham odamning bahri dili ochiladi. Xullas, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, qilinadigan ishlarni rejalab olish kerak. Ana shu chaqqonlikdir.
Uyingizga gap tashimang
Buni ortiqcha izohlab o‘tirish shart emas. Yangi kelinsiz, siz shu uyning ichidagi gaplarni shu uyning ichida, ma’lum bir vaziyat va sharoitda ko‘ryapsiz, boshdan kechiryapsiz. Uyingizga olib borganingizda esa tafsilotni sharoitdan ajratib olib, ya’ni bo‘rttiribroq aytasiz. «Kecha qaynonamdan ishdan kech kelganim uchun gap eshitdim» deb onangizga chaqsangiz, u sho‘rlik «Nima bo‘pti bir marta kech qolsa» deb o‘ylaydi, siqiladi. Vaholanki, qaynonangiz birinchi, ikkinchi, hatto beshinchi marta kech qolganingizda indamagan, endi tanbeh bergan bo‘lishi mumkin. Siz bularni aytmaysiz-da. Keyin uyingizga qaytib qaynonangizdan bir shirin so‘z eshitasiz-u, boyagi-boyagidek yashab ketaverasiz. Onangiz sho‘rlikning esa tashvishi ortadi. Uni ayang.
Telefonda kamroq gaplashing
Hozirgi kunda oilalardagi nizolarning sabablaridan biri shu aloqa vositasi – telefon va internetdir. Siz to‘g‘ri ma’noda faqat do‘stlaringiz va dugonalaringiz bilan gaplashsangiz ham, bu muammo tug‘diradi. Chunki, birinchidan, oilangiz, yangi vazifalaringizdan chalg‘iysiz. Qaynonangiz ko‘ziga xuddi oila sirlarini aytayotgandek ko‘rinasiz. Gaplashib ham ishimni bajaraveraman-ku, demang. Oilangizga faqat sizning qilgan ishingiz emas, o‘zingiz ham keraksiz. Butun borlig‘ingizni ularga bag‘ishlaganingiz, do‘stlaringiz, dugonalaringiz esa ulardan muhimroq emasligini ko‘rsating. Uyga kelgach telefoningizning ovozini o‘chirib qo‘ying.
Ichingizda alam yig‘mang
Sizga nisbatan nohaqlik qilsalar, noto‘g‘ri tushunsalar, xafa bo‘lishingiz tayin. Bunga haqqingiz ham bor. Ammo xafalik shunday narsaki, ko‘ngilga cho‘ksa, boshqa xafaliklarni o‘ziga chorlaydi, ko‘payadi va ulkan alamga aylanadi. Siz yo unutib yuboring, yoki yo‘lini qilib, buni muloyim ohangda ayting. Kim ko‘nglingizni ranjitgan bo‘lsa, gaplaringizni o‘sha kishiga ayting. Hech qachon qaynonangizni eringizga, eringizni qaynonangizga yomonlamang. «Oyijon, kechagi ish uchun uzr, lekin aslida mana bundoq qilmoqchi edim, siz noto‘g‘ri tushundingiz» desangiz keyingi safar qaynonangiz ham sizga tanbeh berishdan avval sabablar bilan qiziqadi. «Qaynonam sababini surishtirmay urishaveradi» deya ko‘ngilni cho‘ktirib, o‘ylab, siqilib yurgandan shu yaxshiroq emasmi?
Seving
Nafaqat eringizni, uning yaqinlariga mehr bering. Shunda ularni tushunnishingiz, yangi xonadonga ko‘nikishingiz, oila a’zolaringizning ayrim sizga xush kelmagan jihatlariga ko‘z yumishingiz oson kechadi. Yaxshi ko‘rsangiz, ular ham javoban yaxshi ko‘rishadi. Sevimli bo‘lish kimga ham yoqmaydi deysiz?
Manba: Darakchi.uz