Bilasizmi?

Yetti karra olimpiadachi Oksana Chusovitinaga Malibu avtomobili sovg‘a qilindi

Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish bo‘yicha jahon sport gimnastikachilari orasida rekord o‘rnatgan o‘zbekistonlik Oksana Chusovitinaga Malibu avtomobili sovg‘a qilindi. Bu haqda Chusovitinaning o‘zi Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi, deb Daryo.uz yozmoqda.

«Prezidentimizga, Milliy olimpiya qo‘mitamizga va albatta Gimnastika federatsiyamizga bunday kutilmagan sovg‘a uchun rahmat!», — deb yozgan Chusovitina Malibu bilan tushgan suratlarini e’lon qilgan.

«Juda yoqimli ham kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Barcha o‘zbekistonliklarni bayram bilan tabriklayman va eng yaxshi tilaklarni yo‘llab qolaman», — deya qo‘shimcha qildi Oksana Chusovitina.

Chusovitina e’lon qilgan suratlarning birida Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov sportchiga avtomobil kalitlarini topshirayotgani aks etgan.

chusovitina-1

Avvalroq Rio Olimpiadasida sovrindor bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilarga pul mukofotlaridan tashqari Malibu avtomobillari ham sovg‘a qilingan edi. Oksana Chusovitina Rio Olimpiadasida medallarni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, Olimpiya o‘yinlarida yettinchi bor ishtirok etib, tarixiy rekordni o‘rnatdi.