Salomatlik

Yod tanqisligi bilan bog‘liq muammolarni qanday bartaraf etish mumkin?

Yod tanqisligi mavjud mintaqalar, jumladan O‘zbekistonda qalqonsimon bez sohasidagi muammolar ko‘p uchraydi - gipoterioz, tugunlar hosil bo‘lishi, bo‘qoq va h.k. Bularga qarshi qanday kurashish kerak? KUN.UZ muxbiri NovatioGroup kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga taklif qilingan rossiyalik shifokor-endokrinolog, diyetolog, RightDiet onlayn tizimi asoschisi Vadim Krilov bilan shu mavzuda suhbatlashib, kerakli ma’lumotlarni taqdim etishga qaror qildi.

Soch to‘kilishi, terining quruqlanishi, qabziyat (ich qotishi), tez toliqish, uyquchanlik, tushkunlik, xotiraning pasayishi va boshqalar gipoteriozga xos belgilar hisoblanadi. Qalqonsimon bez kasalliklari uning kattalashishi (bo‘qoq), faoliyatining kuchayib ketishi (giperterioz), pasayishi (gipoterioz), yallig‘lanishi (tireoidit) va unda xavfli va xavfsiz o‘simta paydo bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi.

Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda ommaviy yod profilaktikasi qo‘llanadi. Qayerdadir - non, boshqa bir joyda esa - sut, ya’ni ommaviy iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalaniladi. Afsuski, so‘nggi 10-20  yilliklarda bunday ommaviy yod profilaktikasi o‘tkazilmayapti. Shu bois barcha taomlarni tayyorlashda yodlangan tuzdan foydalanishi kerak.

Tarkibida yod bo‘lgan preparatlarni qachon qabul qilish kerak?

Yod tanqisligi natijasida gipoterioz yuzaga kelgan bo‘lsa, 6-9 oy davomida har kuni 200 mikrogrammdan yodli preparatlarni qabul qilish kerak. Buning hech qanday salbiy ta’siri yo‘q, aksincha uni qabul qilmasak salbiy ta’sirni yuzaga keltirishi mumkin. Har yarim yilda ahvol yaxshi tomonga o‘zgaryaptimi yoki yo‘q, kuzatish kerak.

Kimlar yod preparatlarini qabul qilishi kerak?

  • Yoz, kuz, qish, bahor - qaysi fasl bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zbekistonning butun aholisi yodlangan tuz qo‘shilgan taomlarni iste’mol qilishi kerak.
  • Farzand kutayotgan ayollar homiladorlikning ilk kunlaridanoq 200 mikrogrammdan yod preparatini qabul qilishlari zarur.
  • Qalqonsimon bezda fakal o‘zgarishlar (1 sm'dan kichik tugunlar) bo‘lgan kishilar;
  • Bolalar, albatta, qalqonsimon bez sohasi ultratashxis tekshiruvi (UTT) asosida.

Yarim yildan keyin qayta UTT o‘tkazilib, qalqonsimon bez gormonlari tekshiriladi. JSST tavsiyasiga ko‘ra, barcha yodlangan tuz qo‘shilgan taomlarni iste’mol qilishi kerak.

Yodlangan tuzni taomga qachon qo‘shgan ma’qul?

Shifokor-endokrinologning fikricha, taom tayyorlashda yodlangan tuzni eng oxirida, ya’ni uning tayyor bo‘lishiga 10-15 daqiqa qolganda qo‘shish maqsadga muvofiqdir. Ta’kidlash joizki, yodlangan tuzning qopqog‘i ochilganda u o‘z xususiyatlarini yo‘qotmaydi.

Yodga boy boshqa mahsulotlar ham bor, biroq biz ularni har kuni iste’mol qilmaymiz (masalan, kuniga 1 kg'dan xurmo iste’mol qila olmaymiz). Shuning uchun kundalik iste’moldagi arzon yodlangan tuzni taomga qo‘shish eng optimal variant hisoblanadi. Ba’zilar yodni ichish kerak degan g‘aroyib tavsiyalar berishadi, aslo bunday qila ko‘rmang, bu qalqonsimon bez faoliyatining buzilishiga, autoimmun jarayonlariga olib keladi. Yodni teriga surish ham tavsiya etilmayli, chunki kuyish kuzatilishi mumkin, zero har bir insonning teri ta’sirchanligi o‘ziga xos.