Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi, deb yozadi Kun.uz.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida tadbirkorlik sub’yektlariga quyidagi shaklda moliyaviy yordam ko‘rsatish Jamg‘armaning asosiy vazifasi hisoblanadi:
a) tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozli kreditlar va mol-mulkni lizingga berish uchun yillik 5 foiz stavka bo‘yicha tijorat banklariga moliyaviy resurslar ajratish;
b) tadbirkorlik sub’yektlarining loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan (bunda, bank marjasi 2 foizni tashkil etadi) imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish;
v) tadbirkorlik sub’yektlariga “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida beriladigan tijorat banklari kredit miqdorining 50 foizigacha, ammo 1 mlrd. so‘mdan oshmaydigan miqdorda Jamg‘arma kafilligini berish;
Bunda, Jamg‘arma tomonidan taqdim etiladigan kafilliklarning maksimal umumiy miqdori Jamg‘arma mablag‘larining 25 foizidan oshmasligi kerak.
g) “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamg‘arma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish;
d) tegishli ko‘nikmalarga ega, band bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko‘maklashish.
Jamg‘arma davlat-xususiy sheriklik shartlarida “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining 30 foizigacha bo‘lgan qismini moliyalashtirishda mazkur mablag‘larni ularning ustav jamg‘armasi (kapitali)ga keyinchalik kapitallashtirgan holda ishtirok etishga haqli.
Jamg‘arma o‘z faoliyatini quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiradi:
yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini yuritishda ishtirok etish, moliyaviy xizmatlardan foydalanishni kengaytirish hamda imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish uchun resurslar ajratish, shu jumladan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar va yo‘nalishlarga kredit ajratish shartlarini yengillashtirishga ko‘maklashish;
“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;
yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish orqali ish o‘rinlari tashkil etish imkonini beradigan davlat, tarmoq va hududiy dasturlar, loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
tadbirkorlik sub’yektlarining innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi mahsulotlar yaratish va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, shuningdek ishlab chiqarish faoliyatiga samarali yangi texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish;
ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda respublikada yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish muammolarini o‘rganishga doir kompleks ilmiy va amaliy tadqiqotlar amalga oshirilishini tashkil etish.
Jamg‘arma bosh bitimlar asosida tijorat banklari orqali milliy valyutada tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi.