Soliq kodeksiga muvofiq, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlagandan keyin o‘n ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan taqdirda qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod etiladi.
Mehnat kodeksiga muvofiq davlat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini tamomlagan yoshlarga ishga joylashishda qo‘shimcha kafolatlarni belgilaydi.
Xususan, belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi va boshqa organlar tomonidan yuborilgan, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ish beruvchi ishga qabul qilishi shart.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy tartibiga rioya qilishdan tashqari, mahalliy mehnat organining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining, shuningdek, davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirgan bitiruvchilari bilan mehnat shartnomasi u tuzilgan kundan e’tiboran uch yillik muddat o‘tguniga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganida ish beruvchi bu haqda mahalliy mehnat organini xabardor qilishi shart.
Shuningdek, Mehnat kodeksiga muvofiq, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilari ishga qabul qilinganda, dastlabki sinov muddati belgilanmaydi.
Qonunchilikka muvofiq, yosh oilalar uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha quyidagi shakldagi to‘lovlar nazarda tutilgan qo‘shimcha imtiyozlar berilgan:
ipoteka kreditlarini olgan yosh oilalarning kreditni to‘lash muddati davomida keyinchalik uni qaytarish sharti bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan uy-joy sotib olish uchun dastlabki badallarni to‘lash;
ipoteka krediti bo‘yicha birinchi besh yil nihoyasiga yetgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan foizlarning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida to‘lash.
Soliq kodeksiga asosan, yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi yosh oilalar toifasiga kiruvchi xodimlarga ipoteka kreditlari badallari to‘lashga va (yoki) mulk sifatida uy-joy olishga tekin yo‘naltiriladigan mablag‘lar summasiga (biroq, soliq solinadigan bazaning 10 foizidan oshmagan miqdorda) kamaytiriladi.
Bundan tashqari yosh oila a’zolari tomonidan yakka tartibda uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartirani rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari summalariga daromad solig‘i solinmaydi.
Yoshlar tadbirkorlik klasterlari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq esa yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish maydonlari taqdim etiladi. Mazkur klasterlarda ishlab chiqarish maydonlari klasterning kommunal va boshqa foydalanish harajatlarini qoplash sharti bilan ijara haqining «nol»stavkasi bo‘yicha beriladi.
To‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar o‘qishi uchun to‘lanadigan yillik to‘lov-kontrakt miqdorining 35 foizi Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab berilishi mumkin. Buning uchun uning o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lishi lozim.