Bilasizmi?

Yoshlar uyi kimlarga va qanday tartibda beriladi?

«Telegraf.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yuridik bo‘lim mudiri Bahrom Ilhomjonov bilan suhbatlashib, yoshlar uyini olish tartibi haqida ma’lumot oldi, deb yozadi Daryo.uz.

Yoshlar uyini olish uchun endi yolg‘iz bevalarda ham imkoniyat bor

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 250-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 7-bandida Yoshlar uyini olish bo‘yicha hujjatlar ro‘yxati keltirilgan. Ushbu ro‘yxatga deyarli o‘zgartirish kiritilmadi.

Faqatgina ushbu bandning «b» qismida yosh oilaning nikoh guvohnomasi bilan bog‘liq holat o‘zgargan xolos. Lekin 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasida yosh oila tushunchasiga qayta ta’rif berildi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, yosh oila — er-xotinning ikkisi ham o‘ttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o‘ttiz yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan, nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol) hisoblanadi. Shuning uchun ushbu qonun bilan Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan qarori 7-bandi «b» qismiga o‘zgartirish kiritildi.

Demak, endi nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi, bola tarbiyalayotgan yolg‘iz ota yoki yolg‘iz onaning ilgari nikohda bo‘lmagani yoxud nikohdan ajralgan beva erkak yoki beva ayol ekanini isbotlovchi FHDYo tomonidan berilgan guvohnoma qabul qilinadi. Shuningdek, nikohdan ajralganda yoki nikoh tuzilganda, oldingisidan farqli o‘laroq, farzand bo‘lishi talab etilmaydi.

Bugungacha «Kamolot» uylariga hujjat topshirgan yosh oilalarning arizalari o‘z kuchida qoladimi?

Joriy yilning 5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi va Adliya vazirligi tomonidan guvohnoma berildi.

Yoshlar ittifoqining ustaviga ko‘ra, Ittifoq muqaddam O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati nomi bilan 2012 yil 1 iyun kuni qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan va unga 653p-sonli guvohnoma berilgan. Yoshlar ittifoqi O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining barcha huquq va majburiyati bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, bugungacha uy olish uchun hujjat topshirgan yosh oilalarning arizalari o‘z kuchida qoladi.

«Kamolot» uylari» olish uchun navbatda turganlar qachon uyli bo‘lishadi?

Bugungi kunda respublika bo‘yicha «Kamolot» YoIHga murojaat qilib, uy olmay, navbatda turgan yosh oilalar soni 1300 dan oshadi. Bularning ko‘p qismi Toshkent, Samarqand, Qarshi va Buxoro shaharlariga to‘g‘ri keladi.

Ular uchun uy berish jarayoni Toshkent shahrida 2017 yilning oxirlarida boshlanishi mo‘ljallangan.

Yoshlar uyini berish uch bosqichdan iborat bo‘ladi

Yosh oilalarga yoshlar uyini berish uch bosqichdan iborat: birinchi bosqich yoshlar uyini qurish, ikkinchisi nomzodlarni saralash va uchinchi bosqich — tanlangan yosh oilalar bilan bank va pudratchi tashkilot o‘rtasida shartnoma tuzish, ya’ni hujjatlarni rasmiylashtirish bosqichi.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 250-son qaroriga ko‘ra, oldin faqatgina ikkinchi bosqich, ya’ni nomzodlarni saralab, tavsiyanoma berish jarayoni belgilangan edi va shu bilan mazkur huquqiy munosabat tugar edi.

Yangi qarorga esa 2018—2021 yillarda qurilish dasturi va uchinchi — taqsimot bosqichi qo‘shildi. 2018—2021 yillarda hududlarda yoshlar uyi quriladi, keyin nomzodlar saralanadi va oxirida uch tomonlama shartnoma imzolanadi.

Yosh oilalar uchun boshlang‘ich badallarni Yoshlar ittifoqi to‘laydi

Yangi qarorning 4-bandiga ko‘ra, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha quyidagi shakldagi to‘lovlar nazarda tutilgan qo‘shimcha imtiyozlar beriladi:

– ipoteka kreditlarini olgan yosh oilalarning kreditni to‘lash muddati davomida keyinchalik uni qaytarish sharti bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan uy-joy sotib olish uchun dastlabki badallarni to‘lash;

– ipoteka krediti bo‘yicha birinchi besh yil nihoyasiga yetgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan foizlarning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida to‘lash.

Ya’ni bundan ko‘rinib turibdiki, deyarli hech nima o‘zgarmagan, avvalgi tartib saqlanib qolgan. Sodda tilda tushuntirganda, misol uchun, yosh oila 100 million so‘mga yoshlar uyidan oldi. Shu summaning boshlang‘ich badalini, 25 foizi, ya’ni 25 million so‘mni Yoshlar ittifoqi to‘lab beradi. Yosh oila umumiy hisobda 100 million uchun kredit to‘laydi va shu orada yoshlar ittifoqiga ham 25 millionni qaytaradi. Boshqa kreditlardagidek, yosh oila boshlang‘ich badal bilan hisoblaganda 125 million so‘m to‘lamaydi.

Yosh oila 20 yil davomida 7 foiz bilan kredit to‘laydi

Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasiga ko‘ra, hozirda kredit foizlari 14 foiz bo‘lgan. Lekin bu yoshlar uyini olgan yosh oilalarning kreditlariga tegishli emas.

Besh yillik imtiyozli davrda yetti foiz to‘lagach, ushbu davrdan keyin yosh oila hisobidan bankka 14 foizlik kredit to‘lovi amalga oshiriladi. Faqat ushbu foizning yetti foizi yosh oila, yetti foizi esa Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lanadi. Hatto bu safar yosh oila uchun ancha yengillik yaratildi. Xullas, yoshlar uyini olgan yosh oila 20 yil davomida yetti foizlik kredit to‘lovini to‘laydi.

Yosh oila o‘z navbatini onlayn kuzatib borishi mumkin

Bugungi kunda www.yoshlaruyi.uz degan sayt va shu nomda Telegram’da kanal ham ishga tushdi. Mazkur sayt orqali 2018 yil 1 yanvardan respublika komissiyasi tomonidan hisobga qo‘yilgan yosh oilalarning navbatini onlayn kuzatib borish imkoni bo‘ladi. Bundan asosiy maqsad shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash. 100-o‘rinda turgan yosh oila 15-o‘ringa chiqib qolmasligining oldini olish. Buni yoshlarning o‘zlari onlayn kuzatib borishlari mumkin. Ushbu elektron tizim yoshlar ittifoqi tomonidan 2018 yil yanvariga qadar ishga tushiriladi.

Yoshlarning o‘zi qurilayotgan uylarning sifatini nazorat qiladi

Hozir nizom loyihasi tayyorlanyapti. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida yetti qavatli, hududlarda esa to‘rt va ikki qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, xonadondagi xonalar alohida, hojatxona va yuvinish xonalari ham alohida qilib bunyod etilishi mo‘ljallangan. Kvartira maydoni ham oldingilariga nisbatan kattaroq bo‘ladi.

Eng asosiysi, Yoshlar ittifoqining faollari qurilayotgan yoshlar uyining sifati ustidan jamoatchilik nazoratini olib boradi.

Yoshlar uyini navbatsiz oladiganlar safi kengaydi

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 250-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 17-bandiga ko‘ra, er-xotinning har ikkisi yetimlar — «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari bo‘lsa, imtiyozli ipoteka krediti oluvchi oila a’zolarining biri yoki bir nechtasi ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob cheksa, Markaziy kengash tavsiyanomasi navbatdan tashqari berilar edi.

Hozir ushbu bandga qo‘shimcha kiritiladi: yosh oila vakillaridan biri yoki ikkisi ham Yoshlar ittifoqi (sobiq «Kamolot» YoIH) tizimida kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lsa, markaziy kengash tavsiyanomasi navbatsiz tarzda berilishi belgilanadi.