Bilasizmi?

Yoshlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyati beriladi — Prezident

Prezident parlamentga murojaatnomasida oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlar yanada kuchaytirilishi haqida gapirdi, deb yozadi Kun.uz.

Unga ko‘ra, 2019 yildan yoshlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyati berilishi, oliy ta’lim muassasalariga, real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimi joriy etilishi, hamda bakalavriat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda o‘qishni davom ettirish imkoniyatlari yanada kengaytirilishi ko‘zda tutilgan.

«Oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.

Yurtimizda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish o‘tgan yillarda 9-10 foiz bo‘lib kelayotgan edi. So‘ngi 2 yilda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli biz bu raqamni 15 foizdan oshirishga erishdik. Lekin bu hali yetarli emas, chunki dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich ularda o‘rtacha 60-70 foizni tashkil etadi.

Shuning uchun 2019 yilda mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish muhim vazifalarimizdan biridir.

Yoshlarimizga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berishimiz, o‘ylaymanki, ularning ta’lim olish huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Oliy ta’lim muassasalariga real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etishimiz kerak.

Bakalavriat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda o‘qishini davom ettirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishimiz kerak. Chunki jamiyatimizda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanish shuncha tez va samarali bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasi ushbu takliflar yuzasidan 2 oy muddatda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqishi kerak», degan prezident.