Madaniyat

Yoshlikni qanday saqlab qolish mumkin?

Yoshligingizni uzoq vaqt saqlab qolish uchun  avvalambor hazm qilish organlari faoliyatiga e’tibor qarating. Bunda asosan ichaklarning to‘g‘ri ishlashi ahamiyatlidir. Aynan ichaklar tanamizda yig‘ilgan zaharli moddalar va boshqa keraksiz chiqindilarni chiqarib yuborish vazifasini bajaradi. Ichaklar faoliyatini yaxshilash uchun  meva-sabzavotlarni ko‘p miqdorda xomligicha iste’mol qiling. Un va undan tayyorlangan mahsulotlarni yeyishni kamaytiring. Yaxshisi  nonushtada turli yangi tayyorlangan salatlar va bo‘tqalarni yeng. Yilda bir marta ichaklarni tozalang. Bunda moychechakli choy yoki tuzli suv  iching.

Ko‘p miqdorda suyuqlik ichish ham yoshlikni saqlab qolishda yordam beradi. Suv tanamizadagi kollagen to‘qimalariga tushgach, ular ko‘payadi va terini ichkaridan cho‘zilishga majburlaydi. Natijada terimiz yanayam silliqroq, tetikroq, va yoshroq ko‘rinadi. Shuning uchun ham kuniga bir yarim, ikki litr suv ichib turing. Bunda gazlanmagan mineral suvlarning foydasi judayam katta.

Tiniqib uxlashga harakat qiling. Uyqusizlik o‘zingizni yomon his qilishingizga va yuzingizdagi charchoqli ko‘rinishga sabab bo‘ladi. Yaxshi tiniqib olingan dam ruhiyatimizdagi tushkunlik ildizlarini bartaraf qiladi va umrni uzaytiradi. Yotoqxonangizni o‘zingiz sevgan rangga bo‘yattiring va jihozlang. Uxlashdan oldin tinchlantiruvchi iforli shamlarni yoqib qo‘ying. Yotishdan oldin iliq vanna yoki dush qabul qiling. Bularning bari tiniqib orrom olishingizga va go‘zalligingizni uzoq vaqt saqlab qolishga yordam beradi.

Toza havodan ko‘proq bahramand bo‘lish ham tanamizni yoshartirib, sog‘lig‘imizni yaxshilaydi. Xonani tez-tez shamollatib turishga, iloji boricha toza havoda ko‘proq bo‘lishga harakat qiling. Jamoat transportidan kamroq foydalaning. Iloji boricha piyoda ko‘proq yuring. Haftada bir kun tabiat qo‘yniga, hech bo‘lmasa daraxtzor bog‘ga borib oilangiz bilan dam oling

Yoshlikni uzoq vaqt saqlab qolishda hammom va saunalarning ham o‘rni bor.  Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hammom yoki sauna qilinganda tanadagi zaharli moddalar chiqib ketadi. Parli jarayonda qon aylanishi yaxshilanadi va teri tozalanadi. Bunda tuzli suvga botirilgan momiqsochiq bilan badanni ishqalash natijani yanayam oshiradi.

Tanangizni yetarli vitamin va darmondorilar bilan ta’minlang. Bu yoshlikni saqlabgina qolmay sizga mustahkam sog‘liqni ham sovg‘a qiladi. Yozda meva-sabzavotlar, qishda esa quruq meva va turli o‘tlardan tayyorlangan damlamalar orqali bu ishni amalga oshirish mumkin. Tanani darmondorilarga to‘yintirishda haftada to‘rt marta qizil loviya, shpinat, brokkoli karami, suli yormasi, qovoq, yong‘oq, yogurt, apelsin, pomidor, kurka go‘shti, o‘rik qoqisi, na’matak damlamasi, uzum iste’mol qilib turish tavsiya qilinadi.

Bundan tashqari doim kulib yurish ham umrni uzaytiradi. Olimlarning ta’kidlashicha chin dildan kulganingizda umringiz besh minutga uzayar ekan.

 

                                                                                                                                       Saida Ibodinova