Bilasizmi?

Yozgi buyumlarni ularning ko‘rinishiga va sifatiga zarar yetkazmasdan qanday olib qo‘yish mumkin?

Hamma yengil kiyimlar va poyabzallarni olib qo‘yishning vaqti keldi. Biz sizga sovuq fasllarda tashqi ko‘rinishi va sifatini yo‘qotmasligi uchun buyumlarni qanday olib qo‘yish kerakligi haqida aytmoqchimiz.

Buyumlarni qanday tayyorlash kerak?

Avval siz qaysi kiyimlarni yoz, kuz va qish uchun yaroqsiz deb hisoblashingizni aniqlab oling.

Kiyimlarni ajratib bo‘lganingizdan keyin, ularni tartibga keltiring. Kiyimlarni oldin cho‘ntaklarini tekshirib keyin yuving, dazmollang. Agar mayda teshikchalar paydo bo‘lgan bo‘lsa yoki tugmalari tushgan bo‘lsa mayda ta’mirlash o‘tkazing.

Oyoq kiyimlarni ham xuddi shunday qiling. Agar zarur bo‘lsa tuzatishga bering. Tabiiy yoki sun’iy charmdan qilingan tufli va bosonojkalarni sovunli suvda yuving va keyin quriting. Lekin ularni isitgich yoki batareyalarning yoniga qo‘ymang: ular dag‘allashishi va yorilib ketishi mumkin.

Qurish jarayonini tezlashtirish uchun oyoq kiyim ichini gazetalarga to‘ldiring, ular namlikni yaxshi singdiradi. Matodan qilingan kedalarni qo‘lda yoki mashinada yuvish mumkin. Nubuk va baxmalsimon charmdan qilingan oyoq kiyimlarni maxsus cho‘tkalar yordamida tozalash kerak. Oxirida hamma oyoq kiyimlarga krem yoki maxsus vosita suring.

Buyumlarni qanday taxlash kerak?

Kiyimlarni to‘g‘ri saqlashni tashkil qilish uchun, hamma buyumlarni qanday gazlamadan tikilganiga qarab guruhlarga ajrating: nozik va yupqa (ipak, harir, viskoza, batist), trikotaj (mikrofibra) yoki qalin (denim, bo‘z, paxta, jersi).

Yengil gazlamalardan tikilgan kiyimlarni ehtiyotlik bilan qoramtir paketlarga joylang.

Trikotaj buyumlarni taxlangan holda javonlarda saqlash qulay. Ularni quyidagi tartibda taxlang: og‘ir buyumlarni pastiga, yengillarini esa yuqorisiga qo‘ying. Ko‘ylaklar, bluzkalar, yubkalar va shimlarni shaklini yo‘qotmasligi uchun ilgichlarda saqlang.

Oyoq kiyimlarni qog‘oz bilan to‘ldiring, ustidan jild kiydiring va qutilarga joylashtiring. Jildlarning o‘rniga keraksiz keng chulkilarni ham ishlatish mumkin.

Buyumlarni qayerda saqlash kerak?

Shamollatiladigan va muntazam ravishda namli tozalanadigan shkaflar va qutilarni tanlang. Buyumlarni balkon yoki omborchada saqlamang, chunki ular haroratning keskin o‘zgarishlari yoki toza havoning yetishmasligi natijasida o‘z sifatini yo‘qotishlari mumkin.

Saqlashning boshqa usullari ham mavjud: plastik idishlar, vakuumli paketlar. Shuningdek bo‘sh chemodanlarni ham ishga solish mumkin. Vaqti-vaqti bilan yozgi buyumlar qo‘yilgan shkafni oching va javonlarini nam latta bilan artib turing.

Manba: Daryo.uz