Ayol go‘zalligi haqida qancha gapirmang, shuncha oz tuyuladi, go‘yo. Uning husnu tarovati, maftunkorligiga ta’rif nafaqat chiroyli qomat va oro berilgan qoshu ko‘z, balki qomatga mos tanlangan libos bilan ham baholanadi. Bugun yozgi uzun ko‘ylak va sarafanlar bilan bir qatorda turfa xil yubkalar ham allaqachon moda bilan hamnafas ayol va qizlarimiz garderobidan joy egallagan. Shunday ekan, yubka tanlashdagi bir nechta kichik tavsiyalarni bilish aslo zarar qilmaydi.
"Qalamcha" yubka
Klassik uslubdagi yubkalar zamonaviy xonim garderobining asosi sanaladi. Qora va kulrang "qalamcha" uslubidagi yubkalarni kun davomida turli ko‘rinishda kiyishingiz mumkin. Masalan, siz qat’iylik va talabchanlik qiyofasiga urg‘u berishni istasangiz, qalamcha yubka va shu rangga muvofiq tanlangan bluzka, pidjak va aksessuarlarni uyg‘unlashtirishingiz lozim. Shuningdek, bunday yubkalar nimcha, sviter va tunikalar bilan ham ajoyib uyg‘unlasha oladi. Kechki bazmlar uchun, jimjimador shuningdek, naqshinkor chizgilar tortilgan shoyi, ipak va nafis matodan ishlangan har qanday yubkalar sizga malikalarga xos viqor hamda nozik bashanglik hadya etadi.
"Maksi" yubkalari
Ayni urfda bo‘lgan va oyoqlarni to‘liq yopib turuvchi bu uslubdagi yubkalar sizni haqiqiy malikaga aylantirishi aniq. Ayniqsa, bo‘yi pastroq xonimlarimiz bunday yubkalarni uzun poshnali bosonojka va qomatga biroz yopishib turuvchi bluzka kofta yordamida uyg‘unlashtirib, bo‘ylarini uzunroq, belni esa ingichka ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
To‘g‘ri bichimli o‘rtacha uzunlikdagi yubkalar
Oyoqlari to‘ladan kelgan ayollarimiz kamchiliklarini yashiruvchi bunday bichim asosan yon tarafdan kesilgan bo‘lib, qomatga biroz yopishib turadi. Orqa va old qismdan tortilgan kesiqli yubkalarni esa tanlamaganingiz ma’qul. Ansamblning tepa qismiga buksadan biroz tushib turuvchi yorqinroq, ammo yubka rangidan uncha uzoqlashmagan holda tanlangan bluzka ko‘rinishingizga o‘zgacha ko‘rkamlik bag‘ishlaydi.
Hashamdor yubkalar
Ular beldan kiyilishga mo‘ljallangan bo‘lib, qomatingizni raso qilib ko‘rsatadi. Kiyganda Barbi qo‘g‘irchoqlarini eslatuvchi bunday yubkalarni qora kolgotkilar bilan kiyishdan biroz uzoqlashing. Aks holda oyoqlar ko‘rinishi yanada ingichka ko‘rinib qolishi mumkin.
Yodda tuting!
Agar tanlagan yubkangiz biroz kaltaroq va qomatga yopishib turuvchi bichimda tikilgan bo‘lsa, oyoqni chalishtirib o‘tirmaslikka harakat qiling. Negaki, bunday holatda o‘tirish atrofdagilarga nisbatan behurmatlikdek tuyulishi va ko‘rinishingizni qo‘pollashtirib ko‘rsatishi mumkin.
Manba: Beka.Uz