Yugurish — butun kun uchun quvvat to‘plash yoki aksincha, ish kunidan so‘ng charchoqni tarqatish uchun ajoyib usul. Biroq bunda ba’zi muhim qoidalarga rioya qilish kerak, shundagina yugurish foyda va samara keltiradi.
Qadamni to‘g‘ri tashlang
Yugurishni yangi boshlaganlar og‘irlikni butun oyoq kaftiga birdek taqsimlashga harakat qilishi kerak — bu bo‘g‘imlarga tushadigan yukni ancha kamaytiradi.
Qizib oling
Yugurishdan avval albatta tanangizni qizitib oling. Bunday tayyorgarliksiz yugurib ketish natijasida biroz masofadan so‘ng tizza yoki oyoq kafti bezovta qila boshlashi mumkin.
Tanangiz oldinga qarab og‘ishiga qo‘yib bering
Tana vazmin holatda turganida, uning harakati muvozanatning buzilishi bilan boshlanadi. Gravitatsiya ta’siri ostida gavda oldinga qarab og‘a boshlaydi, yerga yiqilishdan uni tayanchning almashishi qutqaradi. U tayanchni qanchalik tez o‘zgartirsa, shunchalik tez harakatlanadi. Asosiysi, shuni unutmangki, irg‘ib ketish, oyoqni ancha oldinga tashlash va keng qadam qo‘yish mumkin emas.
To‘g‘ri poyabzal tanlang
Krossovkaning tovon qismi baland bo‘lsa, gavda holati o‘zgarib, kishi uchun tabiiy bo‘lmagan holat yuzaga keladi. Natijada og‘irlik noto‘g‘ri taqsimlanib, kishiga shikast yetishi mumkin. Biroq ortiqcha vaznli kishilarda tekis tagcharm tizzaga zarar yetkazadi. Shu sababli modani chetga surib qo‘yib, tovoningiz zarbini yumshatuvchi modelni xarid qiling.
Yugurishni asta-sekinlik bilan ko‘paytirib boring
Og‘irlik asta-sekinlik bilan oshib borishi kerak. Yugurish masofasini bir haftada 10 foizga ko‘paytirishingiz mumkin.
To‘g‘ri nafas oling
Nafas to‘g‘ri olinmasa, organizmga yetarlicha kislorod bormaydi va yugurishning samaradorligi pasayadi. Nafas olishda ham og‘iz, ham burunni ishlatgan ma’qul. Diafragmadan foydalangan holda chuqur nafas oling, bunda qorin ichga tortiladi.
Yetarli miqdorda suv iching
Jadal yugurganda organizm ko‘p suyuqlik yo‘qotadi va suv-tuz balansi buziladi. Yugurish chog‘ida kakamdan, biroq tez-tez suv ichish tavsiya etiladi. Mashg‘ulot paytida o‘rtacha 0,5—1,5 litr suv ichish lozim, aniqroq aytganda 80 kilogrammlik odam 1 litr suv ichishi kerak. Suv gazlanmagan va xona harorati bo‘lgani ma’qul.
Gavdaning tepa qismini qimirlatmang
Gavdani tik tutib, oldinga ham, orqaga ham egilmaslik kerka bo‘ladi. Bu bo‘g‘imlar va umurtqani shikastlanishdan asraydi. Shuningdek, qo‘l joylashuviga ham e’tibor berish zarur. U tirsakda to‘g‘ri burchak ostida bukilgan bo‘lishi, kaftlar biroz siqilgan bo‘lishi lozim. Bosh ham pastga egilmagan bo‘lishi va nigoh 10—15 metr oldinga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Maqolani tayyorlashda “Xitrosti jizni” nashri ma’lumotlaridan foydalanildi.