Madaniyat

Yuz terisi uchun qishki muolajalar

Yuz parvarishi, albatta, uning turiga qarab tanlanadi. Yozda yuzingiz terisi yog‘li bo‘lgan bo‘lsa, sovuq tushishi bilan u normal tusga kirishi mumkin. Qishki mavsumda yuz terisi qandayligiga qarab quyidagi muolajalarni o‘tkazing:

  1. Quruq teriga haftada 2 marotaba oziqlantiruvchi va 1-2 marta vitaminli niqoblar surtish lozim. Bunday niqoblar tarkibi bug‘doy, bodom, shaftoli yoјlari, letsitindan iborat bo‘lishi kerak. Quruq teri doimiy ravishda namlantirib turiladi, shuning uchun oyda 1-2 marta oziqlantiruvchi kremni namlantiruvchi turiga almashtirib qo‘llash kerak.
  2. Yog‘li teri sovuqda unchalik ko‘p aziyat chekmaydi. Hatto, bu mavsumda bunday teri sohibalari yuzidan shikoyat qilmay qo‘yadi. Shunga qaramasdan uni haftada 1 marta oziqlantiruvchi, vitaminli niqoblar bilan siylab, tarkibida propolis, rozmarin, bodring ekstrakti, lavanda va ignabargdan bo‘lgan sellofanli niqoblarni qo‘llang. Shuningdek, spirtsiz losonlar ishlating.
  3. Normal teriga haftada bir-ikki marta namlantiruvchi vositalardan surtish kifoya.
  4. Yuzda shamollash boshlanganda esa tarkibida quyidagi komponentlar bor kremlardan ishlating:
  • Antioksidantlar kompleksi. Ular shamollashni to‘xtatib, tashqi ta’sirlarni neytrallashtiradi.
  • Moychechak ekstrakti yuz terisini yumshatib, uning qayta tiklanishi va asoratlarining so‘rilishiga yordam beradi.
  • D-pantenol yuz teri qoplamasini yaxshilaydi, terini kollagenini tiklaydi.
  • A va Ye vitaminlariga boy bo‘lgan avokado moyi esa noziklashgan yuz terisini ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladi.

Manba: Darakchi.uz