Madaniyat

Yuz terisidagi teshikchalarni uy sharoitida toraytirish usullari

Yuz terisidagi teshikchalar orqali teri nafas oladi. Demak, ular kerak! Ammo ular kengaygan bo‘lsa, chora ko‘rish shart. Quyida biz teridagi teshikchalarni uy sharoitida toraytirish usullarini keltiramiz.

Nima zarari bor?

Avvalo, bu teshikchalarni nima uchun toraytirish kerakligi haqida ikki og‘iz so‘z. Vizajist, u qanchalar mahoratli bo‘lmasin, yuzdagi dog‘lar, sepkillar, ajinlar, qora nuqtalar va boshqa muammolarni vizual jihatdan bartaraf etishi mumkin, ammo kengaygan teshikchalarni hech nima qila olmaydi. Ular yuzga surtilgan pardoz vositalarini o‘ziga «yutadi» va teri xuddi g‘alvirdek teshik-teshik bo‘lib ko‘rinadi. Albatta, muammo faqat makiyaj jarayonidagina yuzaga kelmaydi. Teshiklari kengayib ketgan yuz terisi xira va charchagan ko‘rinadi.

Teshikchalar nega kengayadi?

Ko‘pchilik teshikchalar husnbuzarlar tufayli kengayadi, deb o‘ylaydi. Aslida, bu yagona sabab emas, agar terini muntazam tozalab turmasangiz, yuzga surtilgan upa-elik va yetarli miqdorda suv ichmaslik oqibatida, teridagi teshiklar kengaya boshlaydi va uning ichiga yog‘ hamda kir to‘planadi. Bundan tashqari, irsiy omil ham mavjud, agar ota yoki onangizning yuzida shunday muammo bo‘lgan bo‘lsa, u sizga ham xavf solishi mumkin. Barvaqtroq ehtiyotingizni ko‘ravering.

Ularni nima qilsa bo‘ladi?

Teridagi teshiklarni toraytirishga hech qachon kech emas va vaqtida choralar qo‘llab borsangiz, muammoni avj olgan darajasida ham bartaraf etishingiz mumkin. Unutmang, asosiy talab – terini yaxshilab tozalash: kir va yog‘ tiqilib qolgan teshikchalarni toraytirib bo‘lmaydi. Faqat husnbuzarlar va yallig‘lanishdan xalos bo‘lgandan keyingina terining bu muammosi bilan shug‘ullansangiz bo‘ladi. Buning uchun:

  • yuzni muntazam yengil piling qilishni unutmang – cho‘mila turib maxsus mochalka bilan yuz terisini ishqalash, maxsus piling vositalaridan foydalaning;
  • juda issiq suvda cho‘milmang va terini issig‘ bug‘da namlantirmang;
  • kun yakunida yuzingizni makiyajdan yaxshilab tozalang;
  • hech qachon husnbuzarlarni siqmang;
  • har qanday tozalovchi muolajalardan so‘ng terini taranglashtiruvchi losondan foydalaning (bunday toniklar tarkibida qo‘rg‘oshin oksidi bo‘ladi va u teshikchalarni biroz toraytiradi);
  • haftada ikki marta yuzingizga muz bo‘lakchalarini ishqalang – muz terini taranglashtirib, teshikchalarni toraytiradi.

Shuningdek, quyidagi vositalarni ham tavsiya etamiz:

  • Oq loydan niqoblar qiling: uni suv bilan aralashtirib, bo‘tqa holatiga kelgach yuzga surtish kerak. Qurib qolmasligi uchun vaqti-vaqti bilan uni namlantirib, ya’ni ustidan suv purkab turish lozim. Uzog‘i 15–20 daqiqa ushlab tursangiz yetadi.
  • Tabiiy meva kislotalaridan foydalaning: yuzingizga qulupnay, uzum hamda limon sharbati qo‘shib ko‘pirtirilgan tuxum oqini surting. Ular terini juda yaxshi toraytiradi.
  • Kundalik ishlatadigan kremlaringizga turli efir moylari qo‘shing.
  • Suli yormasini bug‘da yumshatib, unga ezilgan pomidor quyqasi yoki limon sharbati qo‘shing va yuzingizni shu aralashma bilan ishqalang. Har qanday qimmatbaho pilingdan ham yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.

Kremlarga ishonsa bo‘ladimi?

Ko‘pgina kosmetologik markalar teshikchalarni toraytirish uchun vositalarni taklif etadilar. Odatda bu ma’lum vaqt davomida qo‘llanilishi kerak bo‘lgan vositalar bo‘lib, faqat tashqi jihatdan foyda berishi mumkin. Chunki ular tarkibidagi silikon teri yuzasini yupqa qatlam bilan qoplab oladi va teshikchalar yopilib, teri silliqlashgandek tuyuladi. Aslida, esa bu vaqtinchalik holat. Terini kremdan tozalaganingizdan keyin hammasi avvalgi holatga qaytadi. Muammoni ichdan bartaraf etaman desangiz birgina vositaga umid bog‘lamay, qator choralar majmuasini qo‘llashingiz kerak.

ShAHINA tayyorladi

Manba: Darakchi.uz